O‘zbekistonda ilk bor mamlakat bosh psixiatri va bosh suitsidologi lavozimlari joriy etiladi. Bu prezidentning 13 fevraldagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjat bilan 2019−2025 yillarda O‘zbekiston aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Quyidagilar konsepsiyaning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish sohasida xususiy tibbiyot amaliyoti rivojlanishini rag‘batlantirish;
  • ruhiy holat buzilishi alomatlariga ega bo‘lgan insonlarga nisbatan salbiy qarashlarning shakllanishi va ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ruhiyati buzilgan shaxslar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari amalga oshirilishi uchun teng shart-sharoitlarni ta’minlash;
  • yordamga muhtoj bo‘lgan aholining barcha yoshdagi guruhlarini psixiatriya yordami bilan qamrab olish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni aniqlash, davolash va reabilitatsiya qilish bo‘yicha sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish;
  • psixiatriya yordamini ko‘rsatishda, ayniqsa, respublika hududlarida idoralararo multidissiplinar brigada ishi modelini joriy etish.

Psixiatriya yordamini ko‘rsatuvchi amaldagi muassasalar negizida faol terapiyaga va keng ko‘lamli davolash-reabilitatsiya kompleks tadbirlari o‘tkazishga, kundalik vrachlar kuzatuvida bo‘lishga muhtoj bo‘lgan, biroq kunu tun psixiatriya statsionariga joylashtirilishi shart bo‘lmagan ruhiy holati buzilishi zo‘rayadigan yoki kompensatsiyasi buziladigan shaxslar uchun kunduzgi statsionarlar faoliyati tashkil etiladi.

Ruhiy holati buzilgan shaxslar ularga psixiatriya yordami ko‘rsatilishi vaqtida davlat tizimi doirasida bepul yuridik yordam olish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga ruhiy holati buzilgan shaxslarni zamonaviy yuqori samarali dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha choralarini ko‘rish topshirildi.