Bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Bloomberg`ga bergan intervyusida yevrobondlarning chiqarilishi O‘zbekiston uchun qanchalik ahamiyat kasb etishi to‘g‘risida so‘zladi. Moliya vazirligi matbuot xizmati suhbat videoyozuvini e’lon qildi.

Payshanba kuni O‘zbekiston besh yillik 500 mln va o‘n yillik 500 mln dollarlik yevrobondlarni sotuvga chiqardi.

Moliya vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda davlat kompaniyalarining emas, balki tijorat banklarining qarz bozoriga chiqishi kutilmoqda. «Biz ular uchun [keyinchalik korporativ yevroobligatsiyalar chiqarishlari uchun] yaxshi yo‘nalish (benchmark)», — dedi u.

Avvalroq O‘zbekistonning ikkita banki qarz bozoriga chiqishni rejalashtirayotgani, ehtimoliy nomzodlar orasida «O‘zsanoatqurilishbank», «Asaka», «Ipoteka» banklari va Milliy bankning borligi haqida yozgan edik.

Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston suveren yevrobondlarining chiqarilishi salohiyatli sarmoyadorlar uchun yaxshi yangilik bo‘lishiga ishonch bildirdi. «Obligatsiyalar emissiyasi bizni barcha chet ellik investorlar va barcha hamkorlarimiz oldida javobgar qiladi», — dedi vazir.

Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekistonda statistik ma’lumotlar shaffofligi va ingliz tilidagi ma’lumotlarning yo‘qligi haqidagi fikrlarga ham izoh berdi.

«Statistik ma’lumotlar ochiqligi muammosi biz uchun yangi. O‘zbekiston Xalqaro valyuta jamg‘armasi metodlari va standartlari bo‘yicha ma’lumotlarni tarqatish tizimiga o‘tdi va hozirda barcha iqtisodiy ma’lumotlarni XVJ saytidan topish mumkin. Ayni vaqtda biz barcha ma’lumotlarni onlayn-rejimda ingliz tiliga tarjima qilish ustida ish olib bormoqdamiz. Masalan, Markaziy bank, Moliya vazirligi va boshqa yetakchi iqtisodiy institutlar ma’lumotlarini. ularda hozirdanoq ingliz tilidagi ayrim ma’lumotlar mavjud, biroq biz ushbu yo‘nalishdagi faoliyatimizni yaxshilashimiz kerak», — deya tan oldi u.

Valyuta bozorining to‘liq liberallashtirilishi muddatlari to‘g‘risidagi savolga javob berar ekan, moliya vaziri 2017 yil sentyabridan buyon O‘zbekistonda xorijiy valyuta erkinlashtirilgani va bugun erkin ayriboshlash va o‘zgaruvchan kurs mavjudligini ta’kidlab o‘tdi.

«Barcha, birinchi navbatda investorlar daromadlar yoki import shartnomalar repatriatsiyasi uchun valyutani erkin sotib olishlari mumkin. Biroq hozircha valyuta bozorida kapital harakatiga ayrim cheklovlar mavjud», — dedi u.