Toshkent xalqaro aeroporti bojxona posti xodimlari tomonidan kontrabanda va bojxona qonunbuzilish holatlarini oldini olish borasida samarali ishlar olib borilmoqda. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Istanbul Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan fuqaro X.Sh. yashirin tarzda 84 million so‘mdan ortiq bo‘lgan 2721 dona dori vositalarini olib o‘tayotganda bojxonachilar tomonidan to‘xtatib qolindi.

«Seul-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha kelayotgan fuqaro E.X. esa deklaratsiyalamasdan va bojxonachilardan pinhona tarzda 286 dona parfyumeriya va 50 dona tibbiyot vositalarini olib o‘tayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Shuningdek, «Istanbul Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelib, qizil yo‘lak orqali harakatlanayotgan fuqaro M.A. ning harakatlari bojxonachilar e’tiborini tortdi. Natijada fuqaro belgilangan tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik jarayonida fuqaro naq 234 gramm tillani yashirin tarzda olib o‘tishga urinayotgani aniqlandi.

Dastlabki hisob kitoblarga ko‘ra, 49,3 million so‘mga teng bo‘lgan mazkur tilla buyumlar ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olindi.

Ayni paytda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.