Innovatsion rivojlanish vazirligi 13 fevral kuni bir kunlik ish qidirayotgan fuqarolar uchun Job Cafe mobil ilovasining demo varianti taqdimotini o‘tkazdi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Mobil ilova Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazining Tijoratlashtirish va texnologiyalar transferi bo‘limining yetakchi mutaxassisi Rustam Ibrohimov tomonidan yaratildi.

«Mazkur mobil ilovada kunlik ish qidirayotgan fuqarolar ro‘yxati shakllantirib boriladi, — dedi Rustam Ibrohimov. — Ro‘yxatlar ish qidiruvchilar hamda hududiy agentlar, yagona darcha, sall centre operatorlari tomonidan tuzilishi ko‘zda tutilgan. Loyihada bir martalik ish qidiruvchilarni ish bilan ta’minlash bilan cheklanmasdan, ish qidiruvchilar, deylik, har uch oyda bir marotaba shifokor ko‘rigidan o‘tishlari, har bir ish qidiruvchiga alohida ID karta ochilishi yoki QR kod berilishi, ularning ijtimoiy muhofaza qilinishi kabi masalalarni hal etishga ham qaratilgan. Loyiha bir martalik ish qidiruvchilarning huquqlari buzilishining oldini olishga, haq-huquqlari muhofaza qilinishiga xizmat qiladi».

Xizmatchilarning bir martalik shartnoma bilan xizmat ko‘rsatishlari ishchi va ish beruvchi o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni hal qilishga asos bo‘ladi. Bundan tashqari, har bir ishchi/xizmatchi uchun mehnat daftarchasining ochilishi va fuqarolarning istagiga ko‘ra ma’lum miqdordagi mablag‘larning tegishli davlat idoralariga o‘tkazilishi, keyinchalik ularning pensiya ta’minotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga zamin yaratadi.

Ilova muallifi hozirda mavjud bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlardagi ish qidirish guruhlari, turli saytlardan farqi, uning aynan muayyan malakaga va kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lmagan shaxslar uchun mo‘ljallanganini qayd etdi. Mazkur loyiha bugungi kunda «mardikorlar» atamasi bilan tilga olinadigan ijtimoiy qatlamning manfaatlari uchun xizmat qiladi. O‘z navbatida, bir martalik ish qidiruvchilar xizmatlaridan foydalanayotgan fuqarolar ham notanish odamlar tomondan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan noqonuniy harakatlardan himoyalanadi, deyiladi xabarda.

Loyiha O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Yoshlar ittifoqi va boshqa manfaatdor idora va muassasalar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi kutilmoqda.