«O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyatida Avstriya davlatining dunyoga mashhur «AVL» kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Unda asosiy e’tibor hamkorlikda aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalarda zamonaviy elektrotraktorlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish masalalariga qaratildi.

Soha mutasaddilari «O‘zagrotexsanoatxolding» AJ tarkibidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan 100 ot kuchiga ega bo‘lgan traktorlarni to‘liq elektrlashtirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Unga ko‘ra, 2019 yil yakunigacha «AVL» kompaniyasi yangi elektrotraktorlarning konseptual loyihalarini tayyorlaydi. Ilk namunalar esa aksiyadorlik jamiyat tarkibidagi korxonalarda 2021 yilda ishlab chiqariladi.

— Bu kabi zamonaviy traktor modellari 180 kilovattli elektrodvigatellarga ega bo‘ladi, — deydi «O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Muxtor Karimov. — Texnikalar harakatlanganda deyarli shovqin chiqarmaydi. Shu bilan birga ularni ta’mirlash osonlashadi. Shuningdek, bu kabi elektrotraktorlardan foydalanish yoqilg‘i hamda ehtiyot qismlari uchun katta mablag‘ sarflashning oldini oladi.

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi tufayli tabiatga chiqayotgan zaharli gazlarning kamayishiga erishiladi.