Buxoro shahrida I xalqaro «Ziyorat turizmi» forumi o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

Nufuzli anjumanga Indoneziya, Malayziya, Misr, Pokiston, Qozog‘iston, Qatar, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Singapur, Ozarbayjon, Turkiya, Nigeriya, Rossiya, Hindiston, Germaniya, AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika kabi dunyoning ko‘plab mamlakatlari, shuningdek, qator xalqaro tashkilotlarning 100 dan ziyod vakili tashrif buyurishi kutilmoqda. Ular orasida soha mutaxassislari, sayyohlik kompaniyalari vakillari, taniqli olimlar va boshqalar bor.

Ziyorat turizmining o‘ziga xos talablari bor. Shuni inobatga olib, anjumanning islom diniga e’tiqod qiluvchi qatnashchilariga tegishli qulayliklar, masalan, ibodat amallarini amalga oshirish bo‘yicha zarur qulayliklar ham nazarda tutilgan.

Musulmon dunyosida mashhur bo‘lgan «Yetti pir» silsilasini tashkil etuvchi avliyolar qadamjolari obod qilindi. Hozirda bu maskanlarda ziyoratchilar uchun yanada qulayliklar yaratilmoqda. Buxoroda ilk bor tashkil etilayotgan I xalqaro «Ziyorat turizmi» forumi qatnashchilari G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent, Romitan va Kogon tumanlarida joylashgan ushbu qadamjolarni ziyorat qiladi.

Forum doirasida turizm sohasida yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish, qiziqarli sayyohlik mahsulotlarini shakllantirishga doir ko‘rgazmalar tashkil etiladi, xorijlik mehmonlar va turizm tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan ishbilarmonlar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish yuzasidan muzokaralar o‘tkaziladi.