O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi sa’y-harakati bilan Xitoyning o‘ndan ortiq kompaniyasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga 5 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritish istagini bildirdi. Prezident tashabbusi bilan uning 350 million dollari Bulung‘ur tumaniga yo‘naltirildi. Bu haqda tuman hokimi Bahodir Bahromov «Zarafshon» gazetasiga gapirib berdi.

Ushbu sarmoyadan samarali foydalanish maqsadida tumandagi 2 ming gektar lalmi va 3 ming gektar yaylov yerda xitoylik tadbirkorlar ishtirokida chorvachilik kompleksi yaratish, suyak va terini qayta ishlash, baliqchilik, parrandachilik, uzumchilik, issiqxona, intensiv bog‘, meva-sabzavotni qayta ishlash logistika markazi tashkil etish kabi 15 ta loyiha ishlab chiqildi. Xitoylik tadbirkorlar bu loyihalarni o‘rganib chiqdi.

Shuningdek, tumanning 2019−2020 yillarga mo‘ljallangan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati ishlab chiqildi. Dastur doirasida 102 milliard 595 million so‘mlik, shundan 11 million 200 ming dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘lari jalb etiladi. Dastur loyihasiga ko‘ra, 2019 yilda 25 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 55 milliard 585 million so‘m, shu jumladan, 2 ta loyiha bo‘yicha 8 million 700 ming dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritiladi. Ushbu investitsiyaning asosiy qismi ham Xitoy davlatiga tegishli — 4 million 200 ming dollar. Yiliga 1250 kvadrat metr sifatli sendvich panel, penoplast ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan yangi korxona xitoylik tadbirkorlarning 1 million 200 ming dollarlik sarmoyasi hisobidan ishga tushirilmoqda. Bunga qo‘shimcha ravishda xitoylik tadbirkorlarning 3 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hisobidan 100 ish o‘rniga ega bo‘lgan oyiga 1,5 million dona sifatli g‘isht ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxona ham hademay faoliyatini boshlaydi.