«O‘zbektelekom» AK 2019 yil 1 martdan «Telekommunikatsiya universal xizmatlari tariflarining chegara darajalari» preyskurantiga muvofiq belgilanadigan telekommunikatsiya universal xizmatlari tariflari o‘zgarishi haqida ma’lum qildi.

Kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq shahar va qishloq telefon tarmog‘i abonentlari asosiy telefon apparatidan foydalanganligi uchun abonent to‘lovi miqdori oshirildi. Shu qatorda, telefon aloqasi xizmati uchun abonent to‘lovi va vaqtbay to‘lov tizimi uchun hisob-kitob tizimi soddalashtirildi va kechki vaqt hamda dam olish (shanba, yakshanba, bayram) kunlari mahalliy va shaharlararo telefon tarmoqlariga amalga oshiriladigan qo‘ng‘iroqlar uchun pasaytirilgan koeffitsiyentlar bekor qilindi.

Bundan tashqari, xonadonlar telefoni va mehmonxonalarda istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun o‘rnatilgan telefonlardan kreditga taqdim etiladigan so‘zlashuvlarda har bir so‘zlashuv uchun ustama miqdoridagi to‘lov haqi bekor qilindi.

Boshqa universal xizmatlar tariflari oldingi holida saqlangan.

Ta’kidlash lozimki, telefon tarmog‘iga ulash uchun ro‘yxatga olish to‘lovi va telefondan foydalanishdagi to‘lovlarga o‘rnatilgan imtiyozlar o‘z kuchini saqlab qoladi.

«O‘zbektelekom» AK ijtimoiy mas’ul kompaniya sifatida, ayniqsa, aholiga eng arzon tariflar bo‘yicha shahar va qishloq telefon tarmog‘i uchun ilgaridagidek xizmatlar ko‘rsatadi.

«O‘zbektelekom» AK zamonaviy va arzon telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishga intiladi. Kompaniyaning tarif siyosati doim abonentlar manfaatini ko‘zlashi va O‘zbekistonimizning barcha mintaqalari aholisi uchun arzon xizmatlari bilan ajralib turadi. Butun mamlakat yagona tarif bo‘yicha daqiqasi 12 so‘m.