Toshkent xalqaro aeroportida sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun zamonaviy axborot maskanlarini (tourist service centre) tashkil etish ishlari boshlandi, deya xabar qildi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Markaz 2-qo‘nish zalida joylashgan. U yerda chet el fuqarolari O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab qo‘llanma, zamonaviy dam olish maskanlari, mehmonxonalar va restoranlar haqida kerakli ma’lumotlarni beruvchi reklama broshyuralari shuningdek, respublikada bo‘lish tartiblari haqida konsultatsiya olish imkoniga ega bo‘lishadi.

Shu kabi markazlarni madaniy yodgorlik ob’ektlari, temir yo‘l vokzallari, aeroportlar va mehmonxonalar hududlariga ham joylashtirish rejalashtirilmoqda. Ularda ommaviy madaniy tadbirlar, qisqa turlar, temir yo‘l chiptalari va aviachiptalar ham sotiladi.

Kelgusida sayyorlarga umumiy ovqatlanish shahobchalari, turar-joy maskanlari haqida ma’lumotlar, taksi chaqirish, muzeyga chipta olish, sovg‘alar xarid qilish imkonini beruvchi sim-kartalar taqdim etadigan statsionar va mobil infokiosklar o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Loyiha davlat-xususiy sektor hamkorligi sxemasi doirasida amalga oshiriladi.