Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning navbatdagi sayyor qabuli Past Darg‘om tumanida o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Unda tuman aholisi bilan birga viloyatning boshqa tuman va shaharlaridan ham fuqarolar qatnashib, o‘zlarini qiynab kelayotgan masalalar yuzasidan viloyat hokimiga murojaat qildi.

Sayyor qabulda viloyatdagi boshqarma va idoralar, huquq-tartibot organlari rahbarlari ham qatnashdi va o‘zlariga tegishli masalalar yuzasidan murojaatchilar bilan gaplashib, bildirilgan muammoga yechim izladi.

Kun davomida fuqarolardan 250 dan ortiq murojaat qabul qilinib, ularning aksariyatiga shu yerning o‘zida javob berildi. O‘rganish talab etadigan masalalar yuzasidan muddat belgilandi.

Qabul chog‘ida tuman hokimligi hovlisida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi ham tashkil etildi va 46 kishiga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi. 18 nafar fuqaro kasbga qayta tayyorlash kurslariga yo‘naltirildi.

Erkinjon Turdimov Samarqandga rahbar bo‘lib kelganidan buyon viloyatning Paxtachi, Bulung‘ur tumanlari va Samarqand shahrida keng miqyosli sayyor qabullar o‘tkazgan. Ushbu qabullarda tushgan murojaatlarning 87−90 foizi ijobiy hal etilgan.