Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universitetining Samarqand filiali qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishga qabul qilishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tgan yilning oktyabr oyida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgandi. O‘tgan davr mobaynida hamkorlik doirasida bir necha bor muzokara olib borildi va natijada Samarqand shahrida mazkur oliy o‘quv yurti filialini ochish bo‘yicha kelishuvga erishilib, bu haqda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarori loyihasi tayyorlandi.

Shu kunlarda Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti rektori Tamara Mixaylova boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘lib turibdi.

Xorijlik mehmonlar tashrif davomida filial uchun ajratilgan binoni, talabalar foydalanadigan sport inshootlarini ko‘zdan kechirishdi. Shuningdek, yaqindagina kapital ta’mirdan chiqarilgan Samarqand ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati yangi maneji ochilish marosimida ham ishtirok etishdi.

Mazkur inshootni kapital ta’mirlash uchun 9,7 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi.

Majmua Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 32 turdagi jami 250 mln so‘mlik yangi sport inventarlari bilan ta’minlandi.

Tadbirda jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash jarayonida zamonaviy sport inshootlari muhim ahamiyat kasb etishi e’tirof etildi. Shu ma’noda mazkur inshoot xorijiy universitet filiali uchun ham amaliyot bazasi bo‘lib xizmat qilishi ayni muddao ekanligi ham alohida ta’kidlandi.

Yangi tashkil etilayotgan filial haqida universitet rektori Tamara Mixaylova shunday dedi: «Samarqand filiali universitetimizning xorijda tashkil etilgan ilk filialidir. Mazkur oliy ta’lim muassasasi samarali faoliyat yuritishini ta’minlash uchun biz O‘zbekistonga malakali mutaxassislarni jalb etamiz. Shuningdek, talabalarimiz Rossiyada joylashgan sport bazalarimizda amaliyot o‘tashadi.»

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, mazkur ta’lim maskanida nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlari yoshlari ta’lim olishi uchun ham imkoniyat yaratish, qolaversa, yildan-yilga mavjud yo‘nalishlarni kengaytirib borish rejalashtirilgan.

Filialga 2019/2020-o‘quv yilidayoq voleybol, basketbol, gandbol, futbol, yengil atletika, badiiy gimnastika, tennis, suzish, baydarka va kanoeda eshkak eshish sport turlari bo‘yicha 150 nafardan ortiq ilk talabalar kunduzgi ta’lim shakliga qabul qilinadi. O‘qish Rossiya Federatsiyasining amaldagi o‘quv rejalari va dasturlari asosida olib boriladi. Bitiruvchilarga beriladigan Rossiya namunasidagi diplom O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida oliy ta’lim hujjati sifatida tan olinadi.

Tashrif davomida rossiyalik mehmonga Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev va Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov hamrohlik qilishdi.

Ma’lumot uchun, Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universitetining talabalari va bitiruvchilari orasida 172 nafar olimpiada g‘olibi, Yevropa va jahon chempioni bor.