«Lolazor» mahallasi hududida joylashgan 3 qavatli turar-joylarni buzish va o‘rniga ko‘p qavatli turar-joylarni qurish uchun Toshkent shahri hamda Mirobod tumani hokimligi tomonidan tadbirkorlarga berish to‘g‘risida hech qanday qaror qabul qilinmagan. Bu haqda seshanba kuni poytaxt hokimiyati rasman ma’lum qildi.

«Gazeta.uz avvalroq mahalla aholisi bilan uchrashuvda qurilish tashkiloti uylarni buzish hamda bu yerda yangi turar joylar qurish rejasi haqida ma’lum qilingani to‘g‘risida xabar bergan edi.

«Lolazor» mahallasidagi uch qavatli uy.

Hokimiyat o‘z xabarida shahar ma’muriyati huzurida o‘tkazilayotgan «Investor kuni» tadbiri doirasida tadbirkorlar tomonidan mazkur hududning ichki qismida joylashgan 2 qavatli, tarixiy ahamiyatga ega bo‘lmagan 27/3, 27/3a, 27/3b, 27/3 V, 27/4-sonli uylarni buzish va o‘rniga yangi turar-joy kompleksi qurish taklifi bildirilganini ta’kidlab o‘tdi.

«Lolazor» mahallasidagi ikki qavatli uy.

Ehtimoliy quruvchi tashkilot taqdim etgan loyihada esa beshta emas, balki ko‘proq ikki qavatli uylarni buzish ko‘zda tutilganini ko‘rish mumkin edi.

Aholiga ko‘rsatilgan loyiha.

«Ko‘p qavatli turar-joylarni buzish bo‘yicha qaror qilish ushbu uylarda yashovchi aholining to‘liq roziligi olinganidan so‘nggina amalga oshiriladi va ushbu masalada fuqarolarimiz qonuniy huquqlari to‘liq kafolatlanadi», — deya ishonch bildirib o‘tdi hokimiyat.

Qayd etish joizki, Mirobod hokimiyati o‘zining shanba kungi bayonotida mahalladagi uylarni «poytaxt husniga tushgan dog‘» deb atagan edi.