Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan qing‘ir qilmishlarini xaspo‘shlash va javobgarlikdan qochish maqsadida davlat bojxona xizmati organlari xodimlariga pora berishga urinish holatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Gap shundaki, fuqaro J.F. O‘zbekistonga xorijiy avtotransport vositasi hisoblangan «Lasetti» avtomashinasini olib kirar ekan, bu jarayonda mamlakat hududidan qayta olib chiqib ketish majburiyatini zimmasiga oladi. Lekin, bu majburiyatni bir zumda unutib, ushbu avtomashinani ehtiyot qismlarga bo‘laklagan holda 1700 AQSH dollariga sotib yuboradi.

Nihoyat avtomashinaning olib chiqish muddatlari yaqinlashgan pallada esa suvdan quruq chiqish maqsadida bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilishga urinadi. Ya’ni, bundan bir necha yillar muqaddam yonib ketgan boshqa bir «Lasetti» kuzovini ko‘rsatgan holda davlat bojxona xizmati organlari xodimlarini ushbu avtomashinaning go‘yoki yong‘in oqibatida butunlay yonib ketganiga ishontirishga urinadi.

Tabiiyki, sinchkovlik bilan o‘tkazilgan tekshirishda uning sodir etgan huquqbuzarligi fosh bo‘lgach, ushbu shaxs vaziyatdan chiqishning boshqa yo‘llarini izlashga tushadi. Ya’ni, ushbu holatni «bosdi-bosdi» qilish uchun bojxona xodimiga 400 AQSH dollari pora taklif qiladi.

Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu shaxs bojxona xodimiga taklif qilingan poraning 300 AQSH dollarini berayotgan vaqtida Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi tezkor xodimlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Surxondaryo viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikdavoqea joyida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.