O‘zbekistonda bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun jarimalarni sezilarli darajada kamaytirish taklif qilindi. Ichki ishlar vazirligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorladi.

Bo‘lish qoidalari buzilganligi uchun ma’muriy choralarni ushbu muddatning uzunligiga ko‘ra differensiyalash rejalashtirilmoqda. Jumladan:

10 kungacha — EKIHning 5 baravari yoki mamlakatdan chiqarib yuborish;

10 kundan ortiq biroq 30 sutkadan kam — EKIHning 10 baravari yoki mamlakatdan chiqarib yuborish;

30 kundan ortiq — EKIHning 20 baravari yoki mamlakatdan chiqarib yuborish.

Bugungi kunda mazkur qoidabuzarlik uchun bo‘lish muddatidan qat’i nazar EKIHning 50 dan 100 baravarigacha miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi. Mamlakatdan chiqarib yuborish esa ko‘zda tutilmagan.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, mansabdor shaxslar tomonidan xorijlik yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni qabul qilish tartiblarining buzilishi mansabdor shaxsning EKIHning 20 baravari miqdorida jarimaga tortilishiga asos bo‘ladi. Hozirda ushbu qoidabuzarlik uchun EKIHning 20 dan 150 baravari miqdorida jarima ko‘zda tutilgan.

Loyihada 18 yoshga to‘lmagan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni mamlakatda bo‘lib turish qoidalarini buzganligi uchun jarimaga tortishdan ozod qilish taklif etilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 225−1-moddasini (chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborish to‘g‘risidagi sud qarorini bajarmaslik) bekor qilish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining bo‘lish qoidalarini buzish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa EKIHning 200 dan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolashni ko‘zda tutuvchi 224-moddani bekor qilish rejalashtirilmoqda.

Xalqaro aeroport va vokzallarda jarimalarni to‘lash uchun kunu tun faoliyat ko‘rsatuvchi kassalar o‘rnatiladi.

Mamlakatda bo‘lish qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq jinoyatlarning liberallashtirilishi 2019 yilgi O‘zbekiston Davlat dasturida ko‘zda tutilgan.