Toshkent viloyati Zangiota tumani Quyoshli qo‘rg‘onida 2002 yildan buyon foydalanilmayotgan uzun va qisqa radioto‘lqinlarni qabul qilishga mo‘ljallangan ikkita 235 metrlik antenna demontaj qilindi, deya xabar qildi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.

Antennalar O‘zbekiston 2002 yilda uzun va qisqa to‘lqinli diapazonda radioeshittirishlarni to‘xtatganidan so‘ng foydalanilmay kelayotgan edi.

Antennalar o‘rnatilgan hudud Mudofaa vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi, bu yerda harbiy shaharcha bunyod etiladi.

Xabarda qayd etilishicha, o‘tgan asrda radioeshittirish tizimlari asosan uzun va o‘rta to‘lqinlarda, qisman qisqa to‘lqinlarda tashkil etilar edi. Toshkent viloyati Zangiota tumani Quyoshli qo‘rg‘oni yonidagi katta quvvatli radiostansiya o‘z vaqtida uzun to‘lqinlarda radioeshittirish signallarini tarqatishga moslashtirilgan edi. Ushbu radiostansiya hududida o‘tgan asrning 80-yillari boshida balandligi 235 metrlik ikkita machtalar orasiga uzun to‘lqinlarni tarqatuvchi radioantenna tizimi qurilgan.

Radioeshittirishlarning uzun to‘lqinlar diapazonlarida keng rivojlanishining asosiy sabablari o‘sha davrdagi radiolampalar va tranzistorlar yordamida aynan ushbu diapazonlarda ishlovchi arzon radioqabulqilgichlarni ko‘p miqdorda ishlab chiqarish imkoniyati bo‘lgan. Shuningdek, mazkur diapazonlarda ishlovchi yuqori quvvatli radioeshittirish uzatkichlari tarqatayotgan radioto‘lqinlar yer shari egriligi bo‘ylab, nisbatan ancha uzoq masofalarga tarqala olgan.

Lekin, uzun to‘lqinlarda 10 — 20 radiostansiyalargina ishlashi mumkin edi. Analog signal sifati nisbatan past va turli xalaqitlar ta’siri yuqori bo‘lganligi bois, dunyo miqyosida uzun to‘lqinlarda radioeshittirish qisqarib bormoqda. Jumladan, Ukraina, Armaniston, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon, Moldaviya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonda uzun to‘lqinlarda radioeshittirish to‘xtatilgan.