Jo‘rabek Tursunpo‘latovich Mirzamahmudov O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «O‘zatom» Atom energetikasini rivojlantirish agentligi bosh direktori lavozimini saqlagan holda energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Jo‘rabek Mirzamahmudov (1979 y. t.) 2001 yilda «Umid» jamg‘armasi granti asosida AQSHdagi Alabama universitetini, 2005 yilda esa Toshkent kimyo texnologiyalari institutini tamomladi.

Avval Vazirlar Mahkamasi Yoqilg‘i-energetika kompleksini rivojlantirish axborot-tahlil departamenti mudiri bo‘lib ishlagan. «O‘zkimyosanoat» boshqaruvi raisini o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2018 yil iyunidan «O‘zatom» agentligini boshqarib kelmoqda.

O‘zbekiston Energetika vazirligi prezidentning 1 fevraldagi qarori asosida tashkil etildi. U yoqilg‘i-energetika kompleksi faoliyatini tashkil etish va boshqarish masalalariga javobgar hisoblanadi. Energetika vazirligiga bosh vazirning sobiq o‘rinbosari Alisher Sultonov rahbar bo‘ldi.