11 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida superliga va pro-liga hakamlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov, PFL bosh direktori Omon G‘ofurov ishtirok etdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

«Ravshan Ermatov butun dunyoda hurmatga sazovor hakam hisoblanadi. U endilikda superliga va pro-liga hakamlariga kuratorlik vazifasini bajaradi. O‘zining katta tajribasi va mahorati bilan boshqa hakamlarga ham malaka oshirishga yordam beradi. Hakamlarimiz faqat O‘zbekiston doirasidagi uchrashuvlarda ishlab qolmay, FIFA va AFC tasnifidan o‘rin olgan o‘yinlarda ko‘proq ishlashlariga erishishimiz zarur. Buning uchun har bir hakam o‘z ustida ko‘p ishlashi, mehnat qilishi talab etiladi. Shundagina rivojlanishni kuzatish mumkin bo‘ladi», — dedi Umid Ahmadjonov.