Toshkentda uylari buzilganlarga har doim sharoitlari yaxshiroq bo‘lgan turar joylar berilgan, dedi poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev «Gazeta.uz» muxbiriga Yunusobod Business City va Mirzo-Ulugbek Business City loyihalari taqdimoti jarayonida.Toshkent hokimi, uning o‘rinbosari va ikki tuman hokimlari taqdimot jarayonida.

«Bolaligimdan, men esa Toshkentdan 44 yildan buyon yashab kelmoqdaman, yaxshi uyni buzib yomonini berishganini eslolmayman. Har doim 10−20 foizga yaxshiroq yashash imkonini berishgan. Boshqa tumanda, balki — noqulay tumanda bo‘lishi mumkin, biroq odamlarning hayot darajasi bunga qadar yashaganlaridan yomonlashmagan. Bu menimcha eng asosiysi», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Avvalroq Yunusobod Business City qurilishi rejalashtirilayotgan Yangi Shahar va Chinobod ko‘chalari kesishmasidagi 237 ta uyda istiqomat qiluvchi aholini ko‘chirish bo‘yicha ishlar boshlangani xabar qilingan edi. Hokim so‘zlariga ko‘ra, odamlarni «yangi uylar kutmoqda».

«Yunusobod tumanidagi „Otchopar“ mahallasida yashovchi odamlar… Sizga o‘sha yerga borish va o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘rish, odamlar bilan suhbatlashishni tavsiya qilaman. Odamlar yangi uylar qachon berilishini kutishmoqda. Ularga kvartira Yangiyo‘ldan berilsa ham farqi yo‘q — borishadi. Ular bunga rozi. U yerda yashab bo‘lmay qolgan. Oddiy gigiyena yo‘q u yerda», — dedi poytaxt ma’muriyati rahbari.

U aholiga istagiga ko‘ra Sergeli tumanidagi yangi uylar yoki Yunusobod tumani «Uch qahramon» mahallasidagi ikki qavatli kottejlarga ko‘chish taklif qilinmoqda.

«Sergelida tayyor uylar bor, borishsin. Bu ularning xohishiga bog‘liq. Agarda istashmasa, yetti oyda ikki qavatli villalar quramiz („Uch qahramon“ mahallasida — tahr.). Bir uy — bir villa bo‘ladi. Farqi yo‘q u yerda qancha oila yashaydi — uch, balki to‘rt oila. Lekin ular bungacha yomon sharoitlarda yashashgan. Villa qimmatroqqa tushishi mumkin. Agar biz baholaydigan bo‘lsak, ular yutqazishmaydi. Almashish bo‘ladi», — deya izoh berdi hokim.

Yunusobod Business City qiymati 300 mln dollar va Mirzo-Ulugbek Business City — 420 mln dollarni tashkil etayotgan bo‘lsa, Jahongir Ortiqxo‘jayev bu ko‘rsatkichlar o‘zgarishi mumkinligini qayd etib o‘tdi.

«Bular dastlabki baholar. Agar Daikin konditsionerlarini qo‘ysak, qimmatroq bo‘ladi. Agar Airfel bo‘lsa arzonroq. 7 dollarlik va 15 dollarlik parketlar bor. Ingliz oynalari bor, turk oynalari bor. Bularning barcha narxiga bog‘liq», — dedi Toshkent hokimi.