Farg‘ona viloyatida mehmonxonalar qurilishi yuzasidan umumiy qiymati 28,5 mln AQSH dollarlik 27 ta investitsiya loyihalari yaratildi. Loyihalarning 17,7 mln tadbirkorlar, 2,6 mln chet el investitsiyasi, 10,8 millioni esa kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda «Farg‘ona haqiqati» gazetasi saytida xabar berildi.

2019−2020 yillar yakuniga qadar 27 ta mehmonxonalarda 1218 nomerlar va 2714 ta o‘rinlar yaratiladi.

— Qo‘qon shahrida shu yilning sentyabr oyida o‘tkaziladigan Xalqaro hunarmandchilik festivaliga munosib tuhfa sifatida 10 ta zamonaviy talablarga javob beradigan mehmonxona barpo etilishi rejalashtirilgan, — deydi viloyat qurilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bahodirjon Xo‘jamatov. — Shaharning Turkiston, Sarboz, Turon, Bog‘iston Yangi hayot, Bo‘rchilik ko‘chalarida 80 o‘rindan 200 o‘ringacha bo‘lgan mehmonxonalar qurilishi boshlab yuborildi. Shuningdek, Marg‘ilon shahrida 4 ta, Rishton, So‘x tumanlari markazida bittadan zamonaviy ko‘rinishdagi mehmonxonalar bunyod etiladi.

Joriy yilning 6 oyi davomida viloyat bo‘yicha 15 ta mehmonxona qurib bitkazilishi rejalashtirilgan.