Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi 10-maktab direktori o‘qituvchilarni obunaga majburlagani uchun vazifasidan ozod qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi (XTV) matbuot xizmati xabar qildi.

«Maktab direktori Shavkatjon Rizayev har bir pedagog xodimga joriy yilning yanvar oyi ish haqini naqd pul ko‘rinishida olishlarini ma’lum qilib, ularni obunaga majburlagani aniqlandi», — deyiladi xabarda.

Xalq ta’limi vazirining Huquqiy-nazorat xizmati avvalroq direktorning ayrim o‘qituvchilarni lavozim vazifalariga zid bo‘lgan aholini ro‘yxatga olish ishlariga jalb etganini aniqlagan edi.

XTV ma’lumotlariga ko‘ra, maktab direktoriga nisbatan ushbu harakati uchun 2018 yil dekabr oyining oxirida O‘zbekiston Mehnat Kodeksining 181-moddasi 1-qismiga asosan tegishli chora ko‘rilgan edi.

«Lekin maktab rahbari o‘ziga berilgan intizomiy jazodan tegishli xulosa chiqarmay, takroran 2019 yil uchun 8 turdagi jurnallar obunasiga o‘qituvchilardan pul yig‘ishni tashkillashtirgani ma’lum bo‘ldi», — deya qayd etiladi xabarda.

Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘iga asosan direktor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi qarori bilan xalq ta’limi xodimlarini davriy nashrlar obunasiga majburiy jalb qilish taqiqlangan.