«Toshkent-Bishkek-Toshkent» xalqaro avtobus qatnovi qayta tiklandi, deya xabar qildi O‘zbekiston Avtomobil transporti agentligi (Transport vazirligi etib qayta tashkil etilgan) matbuot xizmati.

Uch tomonlama kelishuv asosida tuzilgan jadval 4 fevral kuni Qozog‘iston Infratuzilmalar va rivojlanish vazirligi transport qo‘mitasi tomonidan imzolandi.

Avtobuslar Bishkek avtovokzalidan 9:00, 16:50 va 23:30 da jo‘naydi. Toshkent avtovokzalidan jo‘nash soatlari o‘zgarishsiz qoldi, deya aniqlik kiritildi agentlikdan «Gazeta.uz"ga.

Eslatib o‘tamiz, yanvarda Qozog‘iston O‘zbekiston va Qirg‘izistonning vakolatli organlari bilan kelishmagan holda «Toshkent-Bishkek-Toshkent» xalqaro mashruti bo‘yicha avtobuslar tranzit qatnovini to‘xtatgan edi. Qozog‘iston tomoni mazkur holatni harakatlar jadvaliga o‘zgartishlar kiritilishi bilan izohladi.