Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi o‘tkazgan 292 ta xronometraj tadbirida 150 nafar kishining norasmiy ravishda ishlayotgani aniqlandi, deya xabar qildi Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.

Xususan, Oltinko‘l tumani «Qo‘shtepa saroy» mahalla hududida faoliyat yuritayotgan «Mubina grand tekstil» MCHJ hisobotlarida 33 nafar xodim ishlayotgani ko‘rsatilgan, biroq tadbir chog‘ida korxona 62 ishchisiga konvert usulida maosh berib kelayotgan aniqlandi. Shuningdek, «Oltinko‘l universal savdo» markazi hujjatlarida 22 xodim ko‘rsatilib, 34 kishi mehnat qilayotgani, «Oltinko‘l non ishlab chiqarish» MCHJda 12 kishi mehnat qilib, hisobotlarida faqat 1 xodimni keltirilgan.

«Anjom» ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasida esa 5 kishiga rasmiy, 18 ishchiga norasmiy maosh berilgan. Ushbu muassasada bir hafta muqaddam savdo tushumi 100 ming so‘m bo‘lgan, tadbir kuni qariyb 50 barobarga oshib, 4,946 mln so‘mni tashkil etdi. Mazkur umumiy ovqatlanish korxonasining to‘lov terminali tekshiruvdan o‘tkazilganda, u YATT Abdulhamid Mo‘minovga tegishli ekani ayon bo‘ldi.

Shuningdek, xronometraj tadbirlarida savdo tushumi o‘tgan haftaning mos kunlariga nisbatan «Darvoza savdo» MCHJ Qo‘rg‘ontepa shoxobchasida 5,860 mln so‘mga, Asaka shoxobchasida 24,484 mln so‘mga, Izboskan shoxobchasida esa 3,695 mln so‘mga oshdi.

Umuman olganda, uch kunlik tadbir mobaynida 8 ta tadbirkorlik sub’ektining savdo tushumlari 122,9 foizga oshib, 119 mln 868 ming so‘mni tashkil etdi.