Toshkent shaharni modernizatsiya qilish va poytaxtni megapolisga aylantirish jarayonini xavotir bilan kuzatmoqda. «Lolazor» mahallasi aholisi shaharning qoq markazidagi tarixiy ularning buzilishidan tashvishda. Buyurtmachi kompaniya bu yerda istiqomat qiluvchilarga o‘z uylarini shu yerning o‘zida quriladigan ko‘p qavatli turar-joy majmuasidagi kvartiralarga almashtirishni taklif etmoqda. Sabina Bakayeva «Lolazor» mahallasida bo‘lib, reportaj tayyorladi.

2 fevral kuni Shahrisabz ko‘chasidagi uyda istiqomat qiluvchi fuqarolarning ko‘zi keyingi kuni quruvchilarning «Lolazor» mahallasi aholisi bilan yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi haqidagi e’longa tushadi. Kompaniya xuddi shu yerning o‘zida quriladigan yangi uylardan kvartira ajratilishini va’da qilmoqda. Aholi esa o‘z uylarini saqlab qolish uchun kurashmoqda. «Bu mustahkam uylar 1966 yilgi zilzilaga bardosh bergan, o‘zining dastlabki qiyofasini mutlaqo o‘zgartirmagan. Avvallari asrlarga mo‘ljallab qurilar edi», — deydi mahalla istiqomatchilaridan Radmila «Gazeta.uz"ga.

Mamlakat rahbariyatining Toshkentdagi barcha eski uylarni buzish bo‘yicha rejalari ma’lum bo‘lganidan so‘ng mahalladagi uylarning buzilishi to‘g‘risidagi gap-so‘zlar tarqala boshlandi. Mahalla raisi Mannon Ahmedov «Polkushka» nomi bilan mashhur bo‘lgan mazkur mahalla hududida qurilish ishlarini olib borish istagidagi turli kompaniyalar muntazam ravishda mahalla qo‘mitasiga kelib, aholi bilan uchrashuv tashkil etishni iltimos qilayotganini tan oldi.

«Men quruvchilarga rad javobini berdim, chunki bunda masalalarni aholi hal etishi kerak. xalq bunga qarshi. Xalq norozi ekan, demak, mening kompaniya tarafida bo‘lishimga haqqi yo‘q», — dedi mahalla rahbari.

Quruvchi tashkilot 12 va 16 qavatli ularni barpo etishni qurilish sohasida 20 yillik tajribaga ega Turkiyaning Turas Construction kompaniyasiga ishonishni rejalashtirmoqda. Biroq «Gazeta.uz» rasmiy saytda ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha kompaniya idorasini topa olmadi, telefon raqami bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Qurilish tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra. Turas Construction O‘zbekistonda ish boshlaganidan bir yilga yetar-yetmasdan mamlakatni tark etgan.

Buyurtmachi «Lolazor» mahallasi aholisi bilan uchrashuvda Toshkent hokimiyatining uylarni buzishga ruxsatnomasini taqdim etmadi. Firma mazkur hududda qurilish ishlarini olib borish loyihasini ishlab chiqish to‘g‘risidagi taklif Mirobod tumani hokimiyatidan kelib tushganini tasdiqladi. «Mazkur uchastkadagi uylar baribir 2025 yilgacha buzilishga tushadi. Ular avariya holatidagi uylar, ma’nan eskirgan turar-joy fondi. Bu yer kechalari mushuklarga to‘lib ketadi, kalamush inlari ham bor. Buzilish ishlari xususiy kompaniyalar tomonidan amalga oshirilmasa, davlatning o‘zi bu ish bilan shug‘ullanadi. Shahar tomonidan ushbu tumandagi 1 kv. m turar-joy uchun 250 dollar taklif qilinmoqda».

«Uch qavatli „Polkushka“ uylarida oliy harbiy tarkib yashagan, yarim yerto‘lalar esa omborxona bo‘lgan. Mamlakat mustaqillikka erishganidan so‘ng ushbu omborlar praporshiklarga tarqatildi», — deydi shunday yarim yerto‘lalardan birida istiqomat qiluvchi ayol.

Kompaniya istiqomat qiluvchilarga yangi uylardan 50 kv. m dan kam bo‘lmagan kvartiralar ajratish, barcha zararlarni qoplash va yer osti avtoturargohidan joy bilan ta’minlashni taklif qilmoqda.

«Quruvchi tashkilotlar vakillaridan hech biri bizga poytaxtda qanday loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib, foydalanishga topshirgani haqidagi savolimizga javob bera olmadi. Mahallamiz raisining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya vakili Mirzo Ulug‘bek tumanidagi qandaydir bir uyni va Buxoroda amalga oshirilgan loyihani eslab o‘tgan. Manzillarni esa ayta olmagan», — dedi Radmila.

«Quruvchi faoliyatini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlar bizga taqdim etilmadi. Faqatgina qurilishning taxminiy fotosuratlari, firma nomi bor xolos, boshqa hech narsa. Firma 2016 yil boshidan buyon faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu holatda allaqachon ishonchli investor, quruvchilar ekanini tasdiqlamoqda», — deya qo‘shimcha qiladi u.

«Lolazor» mahallasida istiqomat qiluvchilardan birining guvohlik berishicha. «Polkushka"da ikkita o‘rganilmagan bombapanoh mavjud: «Bu yerda ko‘p vaqtlardan beri istiqomat qilib kelayotganlar bombapanohni shunchaki buzib bo‘lmasligini aytishardi. Xuddi shunday bombapanoh bo‘lgan sobiq shirinlik fabrikasi o‘rnida katta kotlovan talab qilmaydigan sportzalgina qura olishgan».

6 fevral kuni buyurtmachi firma «Gazeta.uz"ga loyihadan voz kechgani va poytaxt hokimiyatidan barcha hujjatlarni qaytarib olganini tasdiqladi. Bunga aholining yangi uylarga ko‘chish istagida emasligi va ushbu uchastkada sobiq qabriston joylashgani sabab sifatida keltirildi.

«Toshkent hokimiyati „Lolazor“ mahallasini har bir istiqomatchiga kvadrat metri uchun 800 dollar berishga tayyor bo‘lgan boshqa investorga beradi. Biz esa buzilishga tushgan S-5 mavzesida qurilish ishlarini olib borish bo‘yicha xususiy sektor bilan muzokaralar o‘tkazyapmiz», — deydi kompaniya vakili.

«Gazeta.uz» materialni tayyorlash vaqtida Mirobod tumani va Toshkent shahri hokimiyatlaridan izoh ololmadi. Biroq 9 fevral kuni tuman hokimiyati Facebook ijtimoiy tarmog‘ida mavzedagi uylar buzilishini rasman tasdiqladi va quruvchi loyihadan voz kechganini rad etdi. Quruvchi tashkilot esa shu kuni «Gazeta.uz» qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Tuman ma’muriyati o‘z bayonotida quruvchining «Lolazor» mahallasi aholisi bilan uchrashuvi haqida yozgan «Fergana.Ru» sayti hamda materialni chop etishga ulgurmagan «Gazeta.uz"ni noto‘g‘ri axborotlar tarqatishda aybladi.

Mutaxassislar fikri

Jurnalist, yozuvchi va Toshkent tadqiqotchisi Boris Golender tahririyatga 1890, 1913 va 1925 yillardagi topografik xarita reja va xaritalarni taqdim etib, «Polkushka"lar tarixi haqida so‘zlab berdi.

«Dastavval ular shaharning rus qismi chetidagi sapyorlar bataloni kazarmalari edi. Kazarmalar bilan bir qatorda birinchi xristianlar qabristoni bo‘lib, u 1877 yilda yopilgan, shuning uchun Chexov ko‘chasidan Gospital ko‘chasiga eltuvchi ko‘cha Eski qabriston (Starokladbienskiy) tor ko‘chasi deb atalgan», — deydi Boris Golender.

«Sekin-astalik bilan qabriston hududida turar-joylar qurildi. Xuddi shu yerda polk cherkovi ham bo‘lgan. Cherkov allaqachon buzilib ketgan, biroq ayrim ikki qavatli kazarma binolaridan hozirgi kunga qadar uy sifatida foydalanib kelinmoqda. Keyinroq qurilgan uylarga harbiylar joylashtirildi. Bu yer mashhur joy, Toshkentning harbiy markazidir. Hozirda u yerlarda harbiylarning avlodlari yashamoqda», — dedi u.

«Saqlab qolingan ikki qavatli kazarmalar XIX asr oxirlarida qurilgan. Taxtali bostirma va ikkinchi qavatga ko‘tariladigan taxta zinapoyali bunday binolar avval ko‘proq bo‘lgan. Mirobod tuman sudi binosi va unga yaqin uy o‘tgan asrning 30-yillariga taalluqli. Mirobod ko‘chasi va Chexov ko‘chasi burchagidagi uy — urushgacha davrda qurilgan. Shahrisabz ko‘chasidagi to‘rt qavatli uylar esa — urushdan keyin bunyod etilgan. Toshkentning ushbu qismi o‘zida 1930−50 yillar qiyofasini aks ettiradi.

«Ko‘plari buzilib ketdi. Butun tumanni qayta qurishdi. Agar buzish va qurish ishlari boshlansa, bu yerdan qabrlar va suyaklarni topishadi. Nega kerak bu? «Polkushka"larni buzishdan ma’no yo‘q, aqlsizlik bu», — deydi Boris Golender.