Joriy yil 21 yanvar kuni «Kasbi paxta tozalash» aksiyadorlik jamiyatining tarozixonasidagi kuzatuv kamerasi soat 11:56 dan 12:58 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida ishlamagan. Bu haqda «Qashqadaryo» gazetasi saytida xabar berildi.

Holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan korxonada tekshiruv o‘tkazildi.

Mazkur korxonaning mansabdor shaxslari oldindan o‘zaro til biriktirib, kuzatuv kamerasini bir soatdan ko‘proq vaqt davomida o‘chirib qo‘yishgan. Bu vaqt ichida esa umumiy narxi 213 million 229 ming 279 so‘m bo‘lgan texnik chigit soxta hujjatlar yordamida noqonuniy ravishda korxonadan chiqarib yuborilgan. Ushbu mahsulot keyinchalik guruh a’zolari tomonidan talon-taroj etilgan.

Ayni vaqtda holat yuzasidan «Kasbi paxta tozalash» AJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish dastlabki tergov harakatlarini olib borishuchun viloyat prokuraturasiga yuborilgan.