Vengriyaning «Mediorad plus Kft» kompaniyasi Andijonga 12 million yevro miqdorida investitsiya kiritgan holda kardiojarrohlik yo‘nalishida ish olib boruvchi klinika quradigan bo‘ldi. Bu haqda Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kecha kompaniya vakillarini viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov qabul qildi. Asli rossiyalik ishbilarmonlarga tegishli mazkur injiniring kompaniyasi Vengriya poytaxti Budapesht shahrida joylashgan. Turli bino va inshootlarni jahon standartlari darajasida qurish, jihozlash bilan shug‘ullanadi.

— Besh kun davomida Andijondagi bir qancha ob’ektlarni ko‘zdan kechirdik, — deydi kompaniya vakili Vladimir Yurevich Serov. — Viloyat reabilitatsiya shifoxonasida to‘xtaldik. Mazkur muassasani rekonstruksiya qilish, qo‘shimcha bino qurish va jihozlash uchun 12 million yevro miqdorida investitsiya kiritishni rejalashtirdik. Biz 52 ta yetakchi kompaniyaning avtorizatsiyasiga egamiz. Demoqchimanki, eng ilg‘or texnologiyalar asosida jihozlash niyatidamiz.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmonov so‘zlariga ko‘ra sobiq shifoxona o‘rnida kardiojarrohlik va xavfli o‘sma kasalliklari yo‘nalishidagi zamonaviy klinika barpo etiladi.