Hazorasplik G‘ulomjon Jumaboyev 2016 yilning iyul oyida 2018 yilning oktyabr oyigacha xorijiy davlatda bo‘ldi. U o‘zga yurtga aslida pul ishlash niyatida borgandi. Biroq iymon-e’tiqodi sustligi pand berdi. Oila (u 33 yoshda, oilali, 1 nafar farzandning otasi) tashvishi, halol mehnat qilish, ro‘zg‘or tebratish ilinji bir chetda qolib, o‘zini yot diniy aqidalar og‘ushiga tashladi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati sudining raisi Bobir Umarov ma’lum qildi.

Cho‘ntagidagi uyali telefoni yordamida jahon internet tarmog‘ining an’anaviy islom negizlariga putur yetkazuvchi buzg‘unchi aqidalar, tinchliksevarlikka xilof qarashlarni o‘zida aks ettirgan turli zararli sahifalarini izlash, topish va yig‘ilgan safsatalarni tarqatishga kirishdi. Shu asnoda «salafiylik» imomlarning da’vat va ma’ruzalari uning tor va zaif ongidan, pirovardida esa, qo‘lidagi jajji, ammo internet vositasida butun jahonga jar solish imkonini beruvchi uyali telefoni xotirasidan joy oldi.

Musulmon olamida ixtiloflarni targ‘ib etuvchi yot, buzg‘unchi chaqiriqlar, da’vat, ma’ruza va sharhlar ana shu tariqa Yo. Masharipov, A. Masharipov, K. Masharipov singari yaqinlari e’tiboriga havola etildi. Diniy buzg‘unchilik va parokandalikka qaratilgan nojo‘ya faoliyat ana shu yo‘sinda boshlandi va tezda ko‘ngli diniy aqidalarga moyil turmush o‘rtog‘i (G‘. Jumaboyev u bilan 2016 yil turmush qurgan) B. Iskandarovani ham o‘ziga rom etdi. U turmush o‘rtog‘ining nomo‘’tadil yo‘nalishdagi diniy qarashlariga xayrixoh bo‘lsa-da, fuqarolar ongini zaharlashga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot faoliyatiga aralashishdan o‘zini tiydi. Biroq unga tog‘a bo‘lmish A. va Yo. Masharipovlar G‘. Jumaboyev yoygan to‘rga osongina ilinishdi. G‘. Jumaboyev qo‘lidagi uyali telefoni va jonli muloqotlar orqali ular ongini yuqorida zikr etilgan «salafiylik» oqimi hamda uning g‘oyaviy rahnamolari va’z va da’vatlari bilan «boyita» bordi. Turmush o‘rtog‘ining tog‘alari ham anoyilardan emas: diniy ilm bobida o‘zlarini xon, o‘zgalarni esa, ko‘lanka sanashadi.

Bu holat Jumaboyevlar oilasida dunyoga kelgan jajji qiz farzand M. Jumaboyeva chet elda og‘ir xastalikka chalingan paytda yaqqol namoyon bo‘ldi. Ular qizchaning otasiga shifo uchun duo o‘qib, marhum zotlarni shafe keltirib, madad so‘rashni taklif etishdi. Yaxshiyamki, taklif sukut bilan rad etildi. Shu paytga qadar yaxshi-yu yomon, egri-yu to‘g‘rini farqlash salohiyatidan mosuvo qolib kelayotgan G‘. Jumaboyev, bu gal hushyorlikni qo‘ldan bermadi. Ammo o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deganidek, o‘zgalar qalbini yot va zararli diniy aqidalar bilan zaharlashga qaratilgan faoliyatini izchil davom ettirdi. Bu jarayonda internet tarmog‘ining diniy ekstremizm va aqidaparastlikni targ‘ib etuvchi, odamlar orasiga nifoq, turmushiga esa, og‘u, tahdid soluvchi, ixtilofga yetaklovchi buzg‘unchi sayt va sahifalaridan yig‘ib olingan turli g‘ayriinsoniy qarashlarga oid audioyozuvlar, videoroliklar, da’vat va ma’ruzalarni tarqatishda davom etdi. Diniy buzg‘unchilik, bosqinchilik, qotilliklarni yoqlovchi bunday aqidalar G‘. Jumaboyev va unga maslakdosh shaxslar o‘rtasidagi yuzma-yuz hamda telefon orqali uyushtirilgan muloqotlarda asosiy mavzuga aylandi. Xayriyatki, G‘. Jumaboyevning da’vati ta’siriga tushganlarning biri masalaning asl mohiyati va og‘ir oqibatini anglab yetdi va o‘z maslakdoshining qilmishlarini fosh etishga kirishdi.

G‘. Jumaboyevning kishilar orasida sarosima uyg‘otish, zo‘ravonlik va qotillikni targ‘ib etish, uni qo‘llab-quvvatlash, shu asnoda tafakkurini egallashga qaratilgan qilmishi ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida muhokamaga qo‘yildi. Sud majlislari sayyor holda bevosita keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazildi. Sudda Jinoyat kodeksining jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash va tarqatishga oid 244−1-moddasi 3-qismi «g» bandi ayblanuvchiga nisbatan tergov organi tomonidan to‘g‘ri tadbiq etilganligi e’tirof qilindi. Ayni paytda bu qilmish bilan bog‘liq bir qator holatlarga aniqlik kiritildi. Bunda sud sudlanuvchi jinoiy faoliyatga diniy bilimi sayozligi oqibatida qo‘l urganini, yot va g‘aliz qarashlardan o‘zini asray olmaganini, shu bois o‘zgalar izmiga tushib qolganini, aslida xorijga pul topish ilinjida borib, mahalliy bozorda yuk tashuvchi va oddiy quruvchi bo‘lib ishlaganini e’tiborga oldi.

Sud ayblanuvchiga nisbatan muruvvat ko‘rsatdi, sudda muhokama jarayonida guvoh sifatida qatnashgan va G‘. Jumaboyevning xulq-atvorini nazorat qilish hamda jinoiy ko‘chalarga qayta bosh suqmasligi uchun kafolat bergan Hazorasp tuman, Sanoat qishlog‘i, «Otaliq» mahallasi (sudlanuvchi ushbu manzilda istiqomat qiladi) fuqarolar yig‘ini raisi B. Otaboyevning fikr-mulohazalarini inobatga olish va shularga asosan mazkur kodeksning yengilroq jazo tayinlashga doir 57-moddasini qo‘llashni lozim topdi.

Sudlanuvchining aybiga iqrorligi, pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani, jamoatchilik tomonidan ijobiy tavsiflangani, dunyoqarashi va ijtimoiy turmushga bo‘lgan munosabati ijobiy tomon o‘zgarayotganini ham nazarda tutdi va uni jamiyatdan, oilasidan ajratmagan holda tarbiyalash mumkin, degan xulosaga keldi. Shunga muvofiq tayinlangan jazo ham birmuncha yengil bo‘ldi. G‘. Jumaboyev endi to‘rt yil mobaynida ozodlikni cheklash jazosini o‘taydigan bo‘ldi.

Shu o‘rinda qonun baribir muruvvat tarafida ekani va endilikda sayyor holda, bevosita jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilayotgan sud majlislari ushbu taomilni keng va muntazam qo‘llash omiliga aylanganini alohida ta’kidlash lozim. Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, shahar va tuman sudlari 2018 yil mobaynida jami sud ishlarining 43,7 foizdan ziyodini sayyor tartibda ko‘rib chiqdi. Bu jarayonda Yoshlar ittifoqi, «Mahalla» jamg‘armasi, Xotin-qizlar qo‘mitasining mahalliy organlari kafolati asosida jami 134 ta jinoyat ishi bo‘yicha 176 nafar fuqaro sud zalidan ozodlikka chiqarildi.