Bugungi kunda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi faoliyatini modernizatsiya qilish va kengaytirish borasida faol ish olib borilmoqda. Bu esa soliq organlarining mavjud axborot tizimlarini takomillashtirish asosida soliq ma’muriyatchiligi jarayonlarini qayta tashkil etish imkonini beradi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi davlat soliq katta inspektori Akmal Nazarov «Gazeta.uz"ga ma’lumot berdi.

Mazkur loyiha doirasida Jahon banki va Rossiya Federatsiyasi federal soliq xizmati bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Rossiya, Hindiston, Koreya, Fransiya, Ozarbayjon hamda Gruziya ekspertlari bilan esa Ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini kengaytirish masalalari muhokama qilinib, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan harakatlar strategiyasi belgilab olindi.

Shu bilan birga, davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator hisoblangan «Uzinfocom» bilan hamkorlikda Ma’lumotlarni qayta ishlash markazining texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari ishlab chiqilmoqda.

Mazkur markazni kengaytirish va soliq ma’muriyatchiligining texnologik jarayonlarini modernizatsiyalash axborotni qayta ishlash muddatlarini qisqartirishga, qo‘lda bajariladigan ishlarni avtomatlashtirishga va soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini sezilarli darajada oshirishga zamin hozirlaydi.

Soliq tizimida ma’lumotlar boshqarilishini takomillashtirishning asosiy maqsadi jarayonlarni raqamlashtirish orqali tizimni to‘liq avtomatlashtirishdan iborat.

Bugungi kunda Ma’lumotlarni qayta ishlash markazidan 11 ming nafardan ortiq davlat soliq xizmati organlari xodimlari foydalanadi.

Davlat soliq qo‘mitasi bilan 53 ta vazirlik va tashkilotlar o‘rtasida idoralararo axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. 650 mingdan ortiq soliq to‘lovchilar o‘zlarining «shaxsiy kabinet"lariga ega.

Markazda bir soniyaning ichida 15 mingga yaqin ma’lumot yozish va o‘qish bilan bog‘liq operatsiyalar amalga oshirilib, kunlik axborot hajmi o‘rtacha 9,5 GBdan oshmoqda. Soliq ma’lumotlarining umumiy hajmi esa 22 TBdan ziyodni tashkil etmoqda.

Davlat soliq qo‘mitasi Ma’lumotlarni qayta ishlash markazida jamlanadigan ma’lumotlarni «big data» ko‘rinishiga keltirishni maqsad qilib, bu yo‘lda amalga oshiriladigan loyiha katta hajmdagi ma’lumotlarni qamrab olish va tahlil eta olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur markazning kengayishi real vaqt rejimida qabul qilib olingan barcha ma’lumotlar oqimini birlashtirishga sharoit yaratadi.

Dunyo tajribasidan ma’lumki, katta hajmga ega raqamli ma’lumotlar bilan ishlaydigan vositalar va ishlarni tashkil qilish foydalidir. Xususan, katta ma’lumotlardan foydalangan holda, keng qamrovli tahlillarning amalga oshirilishi natijasida 2018 yilda Rossiya g‘aznasiga qo‘shimcha 345 mlrd rubl kelib tushgan.

O‘zbekistonda «big data» asosida qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) to‘lashni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish bo‘yicha yirik loyihalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida hamda Navoiy va Sirdaryo viloyatlari hududida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatida hisobvaraq-fakturani elektron usulda rasmiylashtirish tajribasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Yangi tizim yordamida QQS bo‘yicha to‘lovlar zanjiri deyarli real vaqt rejimida monitoring qilib boriladi. Ushbu tizim «soliq to‘lovchi-kontragent» zanjiridagi uzilishlarni aniqlash imkonini beradi hamda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlarining oldini oladi. Bu esa o‘z navbatida, QQS bo‘yicha to‘lovlar hajmining oshishiga olib keladi.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan amaliyotga joriy etilayotgan yana bir istiqbolli loyiha — onlayn nazorat kassa mashinalari bo‘lib, ularni joriy etilishi natijasida olingan katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilishda «big data» muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Onlayn kassa apparatlarining o‘ziga xos xususiyati shundaki, mahsulotning (xizmatning) miqdori va nomi, tarkibidagi QQS va boshqa tafsilotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davlat soliq qo‘mitasining Ma’lumotlarni qayta ishlash markaziga kelib tushadi. Ma’lumotlarni onlayn tarzda tezkor monitoring qilib borilishi biznes sub’ektlari faoliyati shafofligini oshirishga, davlat soliq xizmati organlari va tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro ishonch muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi esa, ma’lumotlarni muntazam tahlil qilib borilishi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘shimcha ravishda tekshirishga ehtiyoj qoldirmaydi.

Xulosa qilib aytganda, yirik hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish soliq ma’muriyatchiligi samaradorligini oshirib, soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro munosabatlarda yangi imkoniyalar eshigini ochadi. Bugungi kunda Davlat soliq qo‘mitasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlardan biri ham ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘zlashtirish, yangi tahliliy vositalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishga qaratilgan.

Shu bois Ma’lumotlarni qayta ishlash markazini modernizatsiya qilish iqtisodiyotda xufiyona faoliyatlarni qisqartirishga, shafoflik darajasini oshirishga xizmat qiladi hamda biznes uchun teng raqobat sharoitini yaratishga katta turtki beradi.