«Xalq so‘zi» muxbiri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator, suv xo‘jaligi sohasida taniqli mutaxassis Ismoil Jo‘rabekov bilan suhbatlashdi. Unda Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ekologik tadbirlar, dengizning qurigan qismida o‘rmon barpo etish ishlarining ahamiyati, shuningdek, Orol dengizi bilan yuz bergan hodisaning sabablari va saboqlari to‘g‘risida so‘z bordi.

— Orolni saqlab qolib, ham yerlarni o‘zlashtirish uchun boshqa yo‘l bo‘lmaganmi?

-Bo‘lgan. O‘zbekistonda «yuqori"dan tushirilgan har bir buyruqni hamma indamay bajaravergan, deb o‘ylash kerak emas. Orolga suv quyilmay qo‘yishi aniq bo‘lgach, Sharof Rashidov boshchiligidagi o‘sha vaqtdagi respublika rahbariyati bu masalani sobiq ittifoq rahbariyati oldida ko‘tarib chiqqan. Unga quloq tutishgan va Sibir daryolari oqimining bir qismini Qozog‘iston hamda O‘rta Osiyo respublikalariga burib yuborish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Qarorda Sirdaryo va Amudaryodan yangi yerlarni o‘zlashtirish uchun olib sarflanayotgan suvning o‘rnini qoplash maqsadida Sibir daryolaridan 17 kub kilometrgacha suvni bizning mintaqaga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Bunday hajmdagi obihayot Orolni to‘ldirish uchun yetgan bo‘lardi. Bu ish boshlab ham yuborildi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda Sibir daryolari o‘zanini o‘zgartirish loyihasi ustida 160 dan ortiq tashkilotlar, 48 ta loyiha va 112 ta ilmiy-tadqiqot instituti, ittifoq miqyosidagi 32 ta vazirlik hamda ittifoqdosh respublikalarning 9 ta vazirligi ishlagan. O‘zbekistonda bu ulkan loyihani ro‘yobga chiqarish uchun qurilishga tamal toshi qo‘yilgan. Ammo yuz bergan muayyan voqealar, rahbariyat almashinuvi tufayli sobiq «markaz"da turli-tuman fikrlar ko‘payib, loyiha o‘ta qizg‘in muhokamaga uchradi. Asosan, katta mintaqaning ekologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, degan vajlar ko‘rsatildi, shunday qilib, loyiha bo‘yicha ishlarni to‘xtatishga qaror qilindi.

Agar loyiha amalga oshirilganda, boshqa mintaqalarga qanday ta’sir ko‘rsatgan bo‘lar edi, buni hozir ayta olmayman. O‘zbekiston esa mazkur loyihadan yutishi aniq edi va Orol ham qurimasdi. Ammo… tarixiy mazmundagi matnlarda grammatik jihatdan («shunday bo‘lganda edi» kabi shakllarda) «fe’lning shart mayli» qo‘llanilmaydi.

— Sibir daryolari oqimining bir qismini Qozog‘iston hamda O‘rta Osiyo respublikalariga tashlash bo‘yicha keyinroq ham yana loyihalar ishlab chiqilgan-ku?!

-Ularni puxta hisob-китоб­ларга asoslangan loyiha, deb atash qiyin. Ko‘pincha g‘oya bosqichida qolib ketgan. Ular ustida olimlar, vazirlik va idoralar ish olib bormagan. To‘g‘risini aytganda, u yoki bu ko‘rinishdagi shunga o‘xshash loyiha, jumladan, O‘zbekiston uchun ham kerak.

Men nimani nazarda tutyapman? Ayni zamonda hamma Orol fojiasida O‘rta Osiyo respublikalarini ayblash bilan ovora — go‘yoki qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun juda katta hajmdagi suvni sarflayotgani sababli. Vaholanki, hozircha o‘zini namoyon qilmayotgan boshqa kattaroq xavf ham mavjud. Yana bir marta xaritaga qaraymiz. Amudaryoga Afg‘oniston hududining katta qismi ham tutash. O‘sha yerda, ya’ni daryo oqimining chap tarafida 600 ming gektarga yaqin kaftdek tekis yer maydoni bor. Hozirgi murakkab sharoitda yerni kompleks o‘zlashtirish uchun na sharoit, na mablag‘ va na quvvatlar yetarli, shu bois bu masala hech kimni qiziqtirmayapti. Agar vaziyat o‘zgarib, shu yerlarni o‘zlashtirish boshlansa, suvni, albatta, Amudaryodan olishadi-da. Keyin bunday holat pastki qismda joylashgan O‘zbekiston va Turkmaniston uchun qanday ta’sir ko‘rsatadi, bashorat qilish qiyin. Unda ekologlarning harakatlari foyda beradimi, yo‘qmi?

Voqealarning bunday rivoji yaqin kelajakda namoyon bo‘lishi ko‘rinib turibdi. Demak, unga tayyor bo‘lish lozim.