Namangan viloyati hokimi, senator Xayrullo Bozorov Misr Arab Respublikasining «PHARCO Corporation» farmatsevtika kompaniyasi vitse-prezidenti Muhammad Raslan hamda kompaniya tahlil bo‘limi rahbari Vayel Favzini qabul qildi. Bu haqda Namnews.uz xabar berdi.

2018 yil sentyabr oyida Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Misr biznes-forumida «PHARCO Corporation» kompaniyasi bilan Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida joylashgan «Kosonsoy-Farm» erkin iqtisodiy zonasi hududida farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha investitsion hamkorlik memorandumi imzolangan.

Qayd etish joiz, «PHARCO Corporation» 500 dan ortiq farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya hisoblanadi va u o‘z mahsulotlarini bugungi kunda dunyoning 47 mamlakatiga eksport qilmoqda.

Suhbat davomida farmatsevtika sohasida amalga oshiriladigan loyihalar va ularning samaralari, ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Tez fursatlarda Misrda ham Namanganda ham tadbirkorlar o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazilib, o‘zaro manfaatli iqtisodiy loyihalar bo‘yicha ishga kirishiladi va bu hech shubhasiz ikki taraf uchun ham foydali bo‘ladi.

Muloqotda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi mas’ul xodimi Bekzod Yusupov, O‘zbekistonning Misr Arab Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Oybek Usmonov ishtirok etdilar.

Mehmonlar tashrif doirasida «Kosonsoy-Farm» erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi, «Sprint farmatsevtikal» MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.