Joriy yilning 24−25 yanvar kunlari O‘FA va PFL mutasaddilari Turkiyaga safar uyushtirib, u yerda Turkiya futbol federatsiyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. Uchrashuv davomida ikki mamlakat futboli o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va tajriba almashish bo‘yicha kelishuvga erishilgandi. Mana shu kelishuv asosida turkiyalik Erjan Bulut O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida jamoatchi vakil sifatida ish olib boradi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

U ikki mamlakat sporti, xususan, futboli borasida hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, loyihalar va boshqa masalalarda vakil sifatida ishlaydi.

Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida sport sohasida hamkorlik qilish, tajriba almashish, ikki mamlakat futboli o‘rtasida yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish, terma jamoalar, klublar o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil qilish va boshqa shu kabi rejalarni amalga oshirilishiga ko‘mak beradi.

Ma’lumot uchun, Erjan Bulut 1970 yil 13 oktyabrda Anqara shahrida tavallud topgan. O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlari uyushmasi kengashi raisi, «Ziraat Bank» kengashi maslahatchisi, O‘zbekiston va Turkiya Ziraat Finans Group koordinatori hisoblanadi.