KUN.UZ saytida 2019 yil 7 fevral kuni chop etilgan «O‘qituvchilar maoshidan 500 ming so‘mdan ushlab qolinmoqda» nomli maqoli bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan Amudaryo tumani xalq ta’limi bo‘limida o‘rganish o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha tumandagi 82 ta umumta’lim maktablarida ishlovchi 5154 nafar pedagog xodimlarning 3115 nafaridan elektr energiyasi, tabiyi gaz, ichimlik suvi va boshqa kommunal to‘lovlar uchun noqoqnuniy ravishda roziligi olinmay ish haqidan ushlab qolingan.

Mazkur holat bo‘yicha aybdor bo‘lgan Amudaryo tumani xalq ta’limi bo‘limi mudirining o‘rinbosari R.Matkurbanov hamda Xalq ta’limi boshqarmasi Markazlashtirilgan moliya buxgalteriya xizmati bosh hisobchisi M.Qalandarovlar O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismi bilan eng kam ish haqining besh baravari (1 013 650 so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan mazkur huquqbuzarlik holati bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga 2019 yil 8 fevral kuni qonunbuzilishini bartaraf etish va kelgusida yo‘l quymaslik yuzasidan belgilangan tartibda taqdimnoma kiritildi.