4−7 fevral kunlari Toshkentda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KSHHB) bo‘yicha muzokaralarning birinchi raundi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati. Bo‘lg‘usi bitim 1999 yil 1 iyuldagi shartnoma o‘rnini egallaydi.

Tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov va Yevropa tashqi faoliyat xizmatining boshqaruvchi direktori o‘rinbosari Luk Devin boshchilik qildi.

Bitim loyihasi tuzilmasi bo‘yicha bir xil tushunchaga kelindi va uchta guruhga bo‘linib, hujjat loyihasining barcha bo‘limlari batafsil va konstruktiv ravishda muhokama qilindi va mumkin bo‘lgan o‘zaro maqbul qoidalar belgilandi.

O‘zaro kelishuvga ko‘ra, bitim loyihasining savdo qismi bo‘yicha ekspertlar uchrashuvlari O‘zbekistonning tegishli vazirliklari vakillari ishtirokida haftaning oxiriga qadar davom etadi.

KSHHB bo‘yicha muzokaralarning ikkinchi raundini Brussel shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.

Yevropa delegatsiyasining Toshkentda bo‘lishi chog‘ida «Bosh preferensiyalar tizimi plus» («BPT+») maqomini olishga O‘zbekiston talabnomasini tayyorlash bo‘yicha maslahatlashuvlar, «BPT+» maqomoni olishning ustunliklari bilan tanishtirish maqsadida mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari uchun brifing ham bo‘lib o‘tdi.