«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi rahbari Odil Abduqahhorov jurnalistlar ishtirokidagi matbuot anjumanida so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan va ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan «Bojalar» guruhi solisti Jahongir Poziljonovning «Selfi» qo‘shig‘i haqida fikr bildirdi. Bu haqda O‘zA xabar berdiyu

«Ushbu qo‘shiq „Zo‘r“ TV kanali bilan hamkorlikda olingan va keng jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi. Prezident san’atkorlarning reklamasiga muhtoj emas. Davlat rahbarining amaliy ishlari sabab, butun dunyo tan olmoqda. Biz bugun Jahongir Poziljonovga indamasak, ertaga boshqasi ham shunaqa qo‘shiq aytib chiqishi mumkin. Kimgadir yaxshi ko‘rinishni istayotganlar xalq uchun xizmat qilib, o‘z ishini mas’uliyat bilan qilsin», dedi muassasa direktori Odil Abduqahhorov.

Shuningdek, muassasa rahbari Jahongir Otajonov ijrosidagi «Qaddi baland-ey» qo‘shig‘iga ishlangan videoklipda ham milliylikka mos bo‘lmagan kadrlar borligini aytib o‘tdi.