Ozarbayjonning «Matanat A» kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiya Qamashi tumaniga kelib, hududdagi shart-sharoit, ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma, xom ashyo bazasi bilan yaqindan tanishdi va zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishga qiziqish bildirdi. Bu haqda «Qashqadaryo» gazetasi saytida xabar berildi.

Viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Ulug‘bek Ernazarovning ma’lum qilishicha, ushbu tanishuvdan so‘ng chet ellik hamkorlar viloyatda biznes boshlashga jiddiy qaror qilgan. Ozarbayjon iqtisodiyot vazirining O‘zbekistonga tashrifi doirasida «Matanat A» kompaniyasi rahbariyati va Qashqadaryo viloyati hokimligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Marosimda viloyat hokimining o‘rinbosari Oybek Shagazatov qatnashgan.

Ta’kidlanishicha, mazkur firma taklif etgan istiqbolli loyiha qiymati 20 million AQSH dollariga baholangan. Uning doirasida Qamashi tumanida gipsokarton, quruq qurilish qorishmasi singari raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yirik quvvatni ishga tushirish belgilangan. Asosiysi, xom ashyo muammo bo‘lmaydi, chunki bu hududda qurilish materiallari tayyorlashda ishlatiladigan gipsning salmoqli zaxirasi mavjud.