«Xalq so‘zi» muxbiri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator, suv xo‘jaligi sohasida taniqli mutaxassis Ismoil Jo‘rabekov bilan suhbatlashdi. Unda Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ekologik tadbirlar, dengizning qurigan qismida o‘rmon barpo etish ishlarining ahamiyati, shuningdek, Orol dengizi bilan yuz bergan hodisaning sabablari va saboqlari to‘g‘risida so‘z bordi.

— Orolni ko‘p ko‘rganman, har yili bo‘lmasa ham ikki yilda bir marta, albatta, borardim, — deya so‘z boshladi Ismoil Jo‘rabekov. — Ilk tashrifim aniq esimda. O‘shanda 1971 yil edi. Mo‘ynoq tomon ketarkanmiz, yo‘lning o‘ng va so‘l tomonida dengiz qirg‘oqlariga to‘lqinlar ­urilib turardi. U vaqtlarda Orol sathining pasayishi unchalik sezilmas, Sirdaryo va Amudaryodan suv doim kelib turardi. Ba’zan suv bir oz kamayar, lekin bu iqlim sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lib, tabiiy hodisa edi, — dedi u.

«Suv chekina boshlagani 1972 yildayoq ma’lum bo‘lib qoldi. Eng qiyin davr 1979−1980 yillarga to‘g‘ri keldi. O‘shanda dengiz shunday jadal sur’atda orqaga ketdiki, qirg‘og‘idan hatto 15 — 20 kilometrgacha nari ketdi. Bugungi kunga kelib, dengizning avvalgi qirg‘og‘idan hozirgisigacha bo‘lgan masofa yuz kilometrdan ham ziyodni tashkil etadi. Bu — chinakam fojia!

Qachondir kattaligi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turgan ko‘l deyarli yo‘qoldi, uning o‘rnida esa maydoni 5,5 million gektardan iborat sahro — Orolqum paydo bo‘ldi. Shamol bu yerdan yiliga yuz million tonnagacha qum va tuzni ko‘tarib, yuzlab kilometrga uchiradi. Bu, ayniqsa, Orolbo‘yida yashab kelayotgan tub aholi uchun nihoyatda og‘ir ­sharoit tufayli yuzaga kelgan katta ­sinovdir. Aholi, birinchi ­galda, davlat tomonidan ko‘rsatiladigan yordam va ko‘makka juda muhtoj", — dedi Ismoil Jo‘rabekov.