«Xalq so‘zi» muxbiri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator, suv xo‘jaligi sohasida taniqli mutaxassis Ismoil Jo‘rabekov bilan suhbatlashdi. Unda Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ekologik tadbirlar, dengizning qurigan qismida o‘rmon barpo etish ishlarining ahamiyati, shuningdek, Orol dengizi bilan yuz bergan hodisaning sabablari va saboqlari to‘g‘risida so‘z bordi.

«To‘g‘ri, ilgari Orol muammosini hal etish bilan shug‘ullanilmagan, deya olmaymiz. O‘zbekistonning o‘zida ham, xalqaro miqyosda ham, masalan, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi tomonidan turli chora-tadbirlar ko‘rilgan. Nazarimda, Orolbo‘yidagi vaziyatni o‘nglash bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga ko‘ra, aniq va kompleks tarzda shug‘ullana boshladik. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib, jahon hamjamiyatining sa’y-harakatlarini Orol fojiasi oqibatlarini yengish uchun faol birlashtirishga chaqirdi hamda undan zarar ko‘rgan aholiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha qabul qilingan maxsus BMT Dasturini to‘liq hajmda ro‘yobga chiqarishga da’vat etdi.

Xalqaro hamjamiyat O‘zbekiston yetakchisining tashabbusiga qo‘shildi. Misol uchun, BMT huzurida Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast fondi tuzildi. Unga turli mamlakatlardagi donorlardan hududda yashayotgan aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan loyihalar ro‘yobi uchun mablag‘ kelib tusha boshladi.

Orol fojiasining salbiy oqibatlariga qarshi kurashda boshqa davlatlarning ko‘magi juda muhim. Mazkur keng ko‘lamli ishga O‘zbekistonning o‘zi bosh bo‘lishi kerak. Darhaqiqat, mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda qator yirik loyihalar faol amalga oshirilyapti. Masalan, Orolning qurigan qismida saksovul ekishga alohida e’tibor berilyapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, mustaqillik yillarida Orolbo‘yida saksovulzorlar 400 gektardan ortiq maydonni tashkil etgan. Ammo hamma ko‘chatlar ham tutib, o‘sib ketmagan.

Davlatimiz rahbari tomonidan 500 ming gektar yerga ko‘chat ekish topshirig‘i berildi. Shu kunlarda ommaviy axborot vositalari orqali barchamiz ko‘rib-kuzatib turganimizdek, Orol tubi bo‘ylab o‘nlab haydov va chopiq traktorlari ariq tortmoqda. Ular respublikamizning barcha viloyatlaridan shu yerga jalb etilgan. Tortilgan ariqlarga 50 santimetr chuqurlikda saksovul экил­япти, ya’ni barcha agrotexnika qoidalariga rioya qilinmoqda. Bu esa bir necha yildan so‘ng Orolqum o‘rnida millionlab daraxtlar o‘sishi, qum bo‘ronini to‘sib qolishga qodir bo‘lgan haqiqiy cho‘l o‘rmoni — saksovulzor yuzaga kelishiga ishonch uyg‘otmoqda.

Mamlakatimizda Orolbo‘yida turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, Mo‘ynoq tumanida barcha talablarga javob beruvchi zamonaviy turarjoylar barpo ­etiladi, ishlab chiqarish va ­ijtimoiy ob’ektlar qurilib, zarur infratuzilma yaratiladi. Bugungi kunda o‘sha yerga har ­safar borganimda, katta o‘zgarishlarga guvoh bo‘lyapman", — dedi Ismoil Jo‘rabekov.