Intellektual mulk agentligi Adliya vazirligi tizimiga o‘tkazildi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 8 fevraldagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda agentlikning intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga barham berish bo‘yicha ishlari lozim darajada bajarilmagani tan olingan.

«Intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga barham berish bo‘yicha ishlarning lozim darajada bajarilmaganligi, davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining samarasizligi, idoralararo mustahkam hamkorlikning mavjud emasligi, intellektual mulk sohasida malakali kadrlarning yetishmasligi, shuningdek, patent bojlari va to‘lovlarining yuqori darajada ekanligi ushbu sohani rivojlantirishga salbiy ta’sir etmoqda», — deyiladi hujjatda.

2019 yil 1 martdan shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

  • tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va tovar kelib chiqqan joy nomini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnomalar topshirilgandan so‘ng, Agentlik bir ish kuni mobaynida ushbu talabnomalar haqidagi ma’lumotlarni o‘zining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi;
  • ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar, sotuvchilar yoki ularning vakillari talabnomalar e’lon qilingandan so‘ng Agentlikka ro‘yxatdan o‘tkazish uchun nohalol topshirilgan arizalar haqidagi yozma e’tirozlarini taqdim etishlari mumkin;
  • tovar belgisiga va xizmat ko‘rsatish belgisiga doir mutloq huquq, tovar kelib chiqqan joy nomi va (yoki) tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi (keyingi o‘rinlarda — tovar belgisi) o‘sha kunning o‘zida tovar belgisi haqidagi ma’lumotlarni Agentlikning rasmiy veb-saytida majburiy tarzda joylashtirgan holda Tovar belgilari davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan boshlab vujudga keladi;
  • tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishi tovar belgisi O‘zbekiston Respublikasi hududida so‘nggi uch yil mobaynida uzluksiz ravishda foydalanilmaganda, shuningdek, jamoaviy belgidan foydalanish to‘g‘risidagi kelishuv buzilgan taqdirda manfaatdor shaxsning arizasiga binoan qabul qilingan sud qarori asosida muddatidan avval to‘liq yoki qisman tugatilishi mumkin.

Bundan tashqari, 1 sentyabrdan tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan talabnomalar faqat elektron shaklda davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshiriladi.

Ushbu sanadan boshlab patent vakillari har besh yilda kamida bir marta keyinchalik attestatsiyadan o‘tkazilgan holda intellektual mulk sohasida o‘z malakalarini oshirishlari lozim.

Adliya vazirligiga Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan birgalikda 1 iyulga qadar O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan hammaga ma’lum tovar belgilarining nohalol ro‘yxatdan o‘tkazilishini aniqlash nuqtai nazaridan O‘zbekiston hududida ro‘yxatdan o‘tkazilgan barcha tovar belgilarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish va qonun talablari buzilgan holda berilgan tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomalarni bekor qilish choralarini ko‘rish topshirildi.

1 iyulga qadar quyidagilarni ta’minlovchi intellektual mulk ob’ektlarining yagona va doimiy yangilanib boradigan integratsiyalashgan ma’lumotlar bazasi ishlab chiqilishi lozim. U huquqiy himoya olgan va undan mahrum bo‘lgan intellektual mulk ob’ektlarini real vaqt rejimida kuzatib borish imkonini berishi lozim. Ushbu ob’ektlar aavtomatik ravishda tegishlicha Intellektual mulk ob’ektlarining bojxona reyestriga kiritiladi.

Moliya vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2020 yil 1 yanvardan boshlab intellektual mulk sohasidagi integratsiya jarayonini inobatga olgan holda patent bojlari va to‘lovlarini, shuningdek, norezidentlardan tovar belgisi va sanoat namunasining huquqiy muhofazasini berish uchun undiriladigan individual boj stavkalarini bosqichma-bosqich kamaytirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishi lozim.