O‘zbekiston Advokatlar palatasi raisi Olim Ernazarov va mamlakat bosh prokurori Otabek Murodov uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi palata matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. Uchrashuv palata tomonidan kasbiy faoliyati davomida advokatlarning huquqlari surishtiruv, tergov organlari hamda sudlar tomonidan buzilishi to‘g‘risidagi anonim so‘rovnoma yakunlari e’lon qilingani munosabati bilan bo‘lib o‘tdi.

Palata bayonotida (PDF) qayd etilishicha, uchrashuv «ochiqlik va konstruktiv ruhda» bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar hamkorlik harakatlarini olib borish, Adliya vazirligi va boshqa davlat organlari vakillari ishtirokida ishchi komissiya tuzishga kelishib olindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bosh prokurori Otabek Murodov advokatlarning kasbiy huquqlari buzilishi bilan bog‘liq masalalarni shaxsan nazorat qilishini bildirdi va advokatlar ularning faoliyatiga aralashish yoki biror-bir tazyiq o‘tkazish holatlari yuzasidan bevosita bosh prokurorga murojaat qilishlari mumkinligini ma’lum qildi.

Xabarda advokatlar ularning huquqlari buzilgan taqdirda bevosita Advokatlar palatasiga ham murojaat qilishlari mumkinligi qayd etib o‘tiladi.

30 yanvar kuni Advokatlar palatasi saytida va «Advokat» jurnali saytlarida advokatlarga nisbatan tazyiqlar va noqonuniy harakatlar to‘g‘risidagi anonim so‘rovnoma natijalari e’lon qilindi. So‘rovnoma 2018 yilning oktyabr-dekabr oylarida o‘tkazilgan.

Bosh prokuratura so‘rovnoma natijalarini shubha ostiga oldi, O‘zbekiston Oliy sudi esa ularni «haqiqatdan yiroq» deya baholadi. So‘rovnoma natijalari yuqorida tilga olingan saytlardan olib tashlandi, biroq keyinroq qaytarildi.

«Advokatlar palatasi o‘z a’zolari, ya’ni advokatlar orasida anonim so‘rovnoma o‘tkazish huquqiga ega. O‘z navbatida, advokatlar bunday anonim so‘rovnomalar natijalari haqida ma’lumot olishga haqlidirlar», — deya qayd etdi palata.

«Anonim so‘rovnoma tahlili natijalariga ko‘ra Advokatlar palatasi advokatlik faoliyati mustaqilligi va erkinligini ta’minlashga qaratilgan harakatlar dasturi va preventiv chora-tadbirlarni belgilab oladi», — deyiladi bayonotda.

Bunda palata OAV orqali onlayn bahs-munozaralarga kirishish niyatida emasligi, negaki bunday uslub samarasiz bo‘lib, hamkorlikning boshqa samarali platformalarini qo‘llashni muhim deb hisoblashini ta’kidlab o‘tdi.