Bosh prokuratura huzuridagi inspeksiyaning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan hududdagi 3 ta paxta tozalash korxonalarida urug‘lik chigitlarining sifatli saqlanishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirish jarayonida qonunbuzarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, korxonalar omborlaridagi 2018 yil mavsumidan ortib qolgan dorilangan sara urug‘lik chigitlarning 158 tonna bo‘lgan jami 539,8 mln so‘mlik qismi saqlash qoidalariga rioya qilinmaganligi oqibatida zararkunandalar bilan zararlanib, ekishga butunlay yaroqsiz bo‘lib qolgan va bu bilan davlat va jamiyat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan paxta tozalash korxonalarining mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.