2019 yil 6 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Majlis avvalida deputatlar «Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Doing business» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini atroflicha muhokama qildilar.

Prezidentning 2018 yil 13 iyuldagi tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan ushbu loyihaga binoan, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud muhokamalarida oshkoralikni ta’minlash maqsadida Iqtisodiy protsessual kodeksiga sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlarini (yopiq sud majlislarida chiqarilgan hal qiluv qarorlari bundan mustasno) taraflarning roziligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi shartligiga doir normalar kiritilmoqda.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda sud muhokamalarida oshkoralik uni videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish, onlayn tarzida ham uzatish hamda audio yoki videoyozuvga olish yo‘li bilan ta’minlanmoqda. Sud muhokamalarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashdagi keyingi qadam esa, sudning hal qiluv qarorlarini internet tarmog‘ida, shu jumladan, Oliy sudning rasmiy veb-saytida e’lon qilish hisoblanadi.

Shuningdek, mazkur qonun loyihasi Iqtisodiy protsessual kodeksiga iqtisodiy sudlar tomonidan da’vo summasi kam miqdorda bo‘lgan nizolarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rish to‘g‘risidagi normalar kiritishni ham nazarda tutadi. Unga ko‘ra, soliq to‘lovchining soliq qarzini uning mol-mulkiga qaratish talabi bo‘yicha, agar da’vo summasi yuridik shaxslar uchun eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun eng kam oylik ish haqining 5 baravaridan oshmagan miqdorda bo‘lsa, da’vo ariza bo‘yicha ishni soddalashtirilgan tartibda ko‘rilishini belgilash taklif qilinmoqda.

Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida loyihaning taklif etilgan nomi o‘zgartirildi, 4 ta yangi norma kiritildi, 3 ta norma chiqarib tashlandi. Muhokamalar davomida loyihaning deyarli barcha normasi tahririy tuzatildi.

Deputatlarning fikricha, qonunchilikka kiritilayotgan bu kabi yangiliklar sud ishlarini yuritish tizimiga soddalashtirilgan tartib-taomillarni joriy qilish, ishlarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish, muayyan turdagi nizolar bo‘yicha hal qiluv qarorlarini kuzatib borish imkonini beradi. Eng muhimi, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.