Toshkent patrul-post xizmati xodimi avtomobilni avtobus bekatida qoldirgani uchun jarimaga tortildi, deya xabar qildi poytaxt IIBB matbuot xizmati.

Davlat raqami 01 587 VSF bo‘lgan Nexia rusumli patrul avtomobili fotosurati Facebook ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan edi.

IIBBning qayd etishicha, patrul avtomobillari O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 19-moddasiga (fuqarolarga tahdid solayotgan xavflarni bartaraf etish uchun sodir etilgan harakatlar) ko‘ra zarurat tug‘ilgan taqdirda Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq kelmagan holda ortga qaytish, burilish va to‘xtab turish huquqiga ega.

Bu holatda IIBB tomonidan PPX xodimining qoidabuzarlik sodir etgani sabablariniыaniqlash uchun tekshiruv o‘tkazildi va uni ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

«Internetda PPX patrul avtomobili qoidabuzarligi aks etgan fotosurat paydo bo‘lsa, dastlab xodimning qoidabuzarlik sodir etgani sabablari tekshiriladi. Agarda harakatlarni asoslash uchun dalillar bo‘lmasa, xodimga nisbatan boshqa har qanday qoidabuzarga qo‘llangani kabi ma’muriy choralar ko‘riladi», — deya qayd etdi IIBB.