O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti fuqarolarni Qozog‘istonga safar qilishda qo‘shni mamlakatning ayrim hududlarida havo harorati keskin tushib ketganini hisobga olishga chaqirdi.

Jumladan, asosan shimoliy hududlarda harakatlanish uchun transport vositasini tanlayotganda hamda avtobus yoki boshqa avtomobil transporti turlarida Rossiyaga o‘tayotganda duch kelish mumkin bo‘lgan xavflarni hisobga olish zarurligi uqtiriladi.

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi Konsullik bo‘limi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, qattiq sovuq tushgani munosabati bilan respublika ahamiyatidagi «Astana-Petropavlovsk» trassasi avtotransportlar uchun yopilgan, mahalliy aholiga esa safarlarga chiqmaslik tavsiya qilingan.

Kazgidromet saytida 8 fevral kuni Shimoliy Qozog‘iston viloyatida havo harorati kechasi 40 darajagacha sovishi, kunduzi qor bo‘roni bo‘lishi haqida ogohlantirilgan. Janubi-sharqiy shavol 15−20 m/s tezlikda esib, ayrim joylarda 25 m/s ga qadar kuchayadi.

Sharqiy, shimoliy va markaziy Qozog‘istonda havo harorati kechki vaqtlarda 45 daraja sovuq, janubda esa 30 daraja sovuq bo‘lishi kutilmoqda. Sovuq havoga qor bo‘roni, tuman va yaxvonlik hamrohlik qiladi.

Qozog‘iston OAVning sinoptiklarga tayanib xabar qilishicha, bu yil qish so‘nggi yetti yilda ichida eng sovug‘i bo‘lmoqda.