O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish va pullarni «yuvish"ga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro hamjamiyatning barcha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub majlisida ma’lum qildi.

Britaniyaning Open Democracy nashri yaqinda o‘tkazgan izlanishlarda Tashkent City loyihasi 3-lotning asosiy investori Germaniyaning Hyper Partners kompaniyasining (Ditsenbaxda 2018 yil 22 yanvarda ro‘yxatga olingan) yagona egasi 19 yoshli shaxs ekanini aniqlagan edi.

Avvalroq investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Laziz Qudratov izlanishga izoh berar ekan, milliy qonunchilikda vazirlikka muassis haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilish huquqi berilmaganini ta’kidlab o‘tgan edi. Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev esa «Kompaniya kecha tashkil etildimi, o‘tgan kunimi, muhim emas. […] Har bir investordan pullarni qayerdan olgani, ular bank orqali qanday yetib kelganini so‘rash bizning vakolatimizga kirmaydi. Agar har bir investordan benifitsiarini so‘raydigan bo‘lsak, O‘zbekiston darvozalarini yopib qo‘ysak ham bo‘ladi, bu yerga hech kim kelmaydi», — dedi.

«Gazeta.uz» muxbiri mazkur majlisda O‘zbekiston bir necha oy muqaddam tashkil etilgan bo‘lsalar ham benefitsiarlar va investor kompaniyalar daromadlari manbalari haqida ma’lumotlarni talab qilmasligi rostmi, degan savolni berdi.

«Rasman izoh berishni xohlayman: O‘zbekiston daromadlarni legallashtirish, pullarni yuvish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro hamjamiyatning barcha sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi», — deya ta’kidladi Shuhrat Vafoyev.

U O‘zbekistonning Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash bo‘yicha maxsus guruhi (FATF) a’zosi ekanini eslab o‘tdi.

«FATF Bosh prokuratura va Markaziy bankning ulkan sa’y-harakatlari evaziga 2007 yilda bizni ro‘yxatdan chiqardi. Uning norasmiy nomi «qora ro‘yxat», rasman qonunchilik pullarni yuvish va moliyaviy terrorizmni amalga oshirishga imkon beradigan shubhalar tufayli kuzatuv ostida bo‘lgan davlatlar ro‘yxati.

Shuhrat Vafoyev jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash uchun Bosh prokuraturaning maxsus bo‘linmasi — Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti hamda normativ-huquqiy baza mavjudligini ta’kidlab o‘tdi.