Freedom House xalqaro tashkiloti dunyodagi erkinlik reytingini (Freedom in the World) yangiladi.

O‘zbekiston o‘tgan yilga nisbatan 2 ball ko‘proq to‘pladi va 100 ballik shkalada 9 ball olib, «erkin bo‘lmagan» mamlakatlar ro‘yxatida qoldi. Tojikiston ham xuddi shunday natija qayd etdi.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida Turkmaniston (2 ball) va Qozog‘iston (22) ham «erkin bo‘lmagan» mamlakatlar sifatida tilga olindi. Qirg‘iziston esa 38 ball to‘pladi va «qisman erkin» maqomiga ega mintaqadagi yagona davlat bo‘ldi.

Freedom House ekspertlari mamlakatlar erkinlik darajasini siyosiy huquqlar va fuqaroviy erkinliklarga ko‘ra baholaydi. Ularning har biri 1 dan (eng yaxshi) 7 gacha (eng yomon) shkala bo‘yicha hisob-kitob qilinadi.

O‘zbekiston siyosiy huquqlar uchun 7, fuqaroviy erkinliklar uchun 6 ball oldi. Erkinlik indeksi 6,5 balni tashkil etdi.

Norvegiya, Finlyandiya va Shvetsiya 100 baldan to‘plab reyting yetakchilariga aylandi. Eng yomon ko‘rsatkichlarni esa Suriya, Janubiy Sudan (0), Eritreya, Turkmaniston (2) va KXDR (3) qayd etdi.

Freedom House umumiy bo‘lib dunyodagi 87 ta «erkin», 64 ta «qisman erkin» va 58 ta «erkin bo‘lmagan» davlat va hududlarni sanab o‘tdi.