Markaziy bank tijorat banklariga avtokreditlar ajratishni cheklagani yo‘q, dedi MB boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmurodov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub majlisida.

2018 yilda avtokreditlar keskin o‘sib ketganidan so‘ng joriy yil boshida avtokreditlar ajratuvchi banklar soni qisqardi. «Gazeta.uz» muxbirining sabablar haqidagi savoliga javob berar ekan, Markaziy bank rahbari MB bu kabi kreditlar riski yuqoriligi uchun tijorat banklari ustav kapitaliga qo‘shimcha talablar joriy etganini ma’lum qildi.

«Biz avtokreditlash risklarini baholab chiqdik, ular bizda yuqori riskli hisoblanadi. Biz avtokreditlashni cheklamadik, biz shunchaki tijorat banklarining avtokreditlashga oid portfellariga Markaziy bank talablarini kuchaytirdik. Biz avtokreditlar bo‘yicha xatarlar darajasini oshirdik, banklar ustav kapitaliga MBning qo‘shimcha talablarini o‘rnatdik. Avtokreditlar ajratishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri cheklovlar yo‘q, ular o‘z risklaridan kelib chiqib kreditlar ajratadilar», — dedi Mamarizo Nurmurodov.

Bundan tashqari, Markaziy bank rahbari mazkur masalani makroiqtisodiy tomondan ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Uning qayd etishicha, juda ko‘p miqdorda avtokredit ajratish avtomobillarning ikkilamchi bozorini o‘ldirib yuborishi mumkin.

«Birlamchi bozorda avtokreditlar keskin o‘ssa, biz ikkilamchi bozorni o‘ldiramiz. Ikkilamchi bozor xizmatlaridan foydalanuvchi odamlar toifalari bor. Biz ommaviy ravishda avtokreditlar ajratib, yangi mashinalar birlamchi bozorini rivojlantirdik. Muayyan bosqichda ikkilamchi bozorda narxlarning tushishi sharoit yaratamiz. Bir yarim yildan keyin avtomobil bir oz arzonlashadi va kreditni qoplamay qoladi. Biz bu masalaga makroiqtisodiy nuqtai nazardan yondashamiz, [bozorlarni] kompleks rivojlantirishimiz lozim — ularning hech biriga zarar yetkazmagan holda», — deya tushuntirish berdi u.