O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda «Keyteringburg» kompaniyasi (Yekaterinburg, Rossiya) autsorsing usulida maktabgacha ta’lim uchun ovqatlanish xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha investitsion loyihani amalga oshirishga kelishdi. Bu haqda muhokama uchun e’lon qilingan hukumat qarori loyihasida so‘z boradi.

Kelishuvga ko‘ra, birinchi bosqichda (birinchi besh yil) Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 50 ta maktabgacha ta’lim muassasasida autsorsing shartlari asosida ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatish uchun qo‘shma korxona tashkil etish ko‘zda tutilgan. Hujjatga ko‘ra, MTMlar soni ortishi va mamlakatning boshqa hududlarini ham qamrab olish mumkin.

«Keyterinburg» ovqatlanish bloklarini ta’mirlash hamda ularni energosamarador oshxona uskunalari va invertarlari bilan ta’minlash uchun har bir MTMga 8400 dollardan mablag‘ ajratishni mo‘ljallamoqda. MTM ovqatlanish bloklari xodimlarini QK shtatiga qabul qilish rejalashtirilmoqda.

«Keyterinburg» Rossiyadagi eng yirik beshta umumiy ovqatlanish autsorserlaridan biri bo‘lib, 500 ta ob’ektda har kuni 120 ming kishiga xizmat ko‘rsatadi.

Noyabrda O‘zbekiston delegatsiyasi Sverdlov viloyatidagi bir nechta maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘lib, ovqatlanishni tashkil etish tajribasi, shuningdek «Keyterinburg"ning tozalangan sabzavotlar va baliq mahsulotlari zavodi faoliyati bilan tanishgan edi.