Buyuk Britaniyaning Sasseks universiteti Rivojlanish masalalarini tadqiqot qilish instituti doktoranti, «Buyuk kelajak» ekspert kengashi a’zosi Dilmurod Yusupov O‘zbekistonda nogironligi bor insonlarni hisoblash amaliyotini tahlil qilib, ko‘ngilsiz xulosaga keladi: agar inson o‘z nogironligini rasmiylashtira olmasa, u statistika ma’lumotlari «ortida» nafaqasiz qolib ketishi aniq. Achinarlisi, nogironlarning to‘laqonli hayot kechirish imkoniyatlarini cheklovchi qator to‘siq va g‘ovlar mavjud (maqola CABAR.asia saytida nashr qilingan).

BMTning 2030 yilgacha barqaror taraqqiyot bo‘yicha kun tartibi hech kimni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlaridan ortda qoldirmaslikni ko‘zda tutadi (ingliz tilida «leave no one behind»). Ayniqsa, mazkur jarayonlar rivojida ijtimoiy himoyaga muhtoj nogironligi bor insonlarga bo‘lgan e’tibor juda muhim.

Butunjahon nogironlik hisobotiga ko‘ra, nogironlikning qaysidir shakliga ega bo‘lgan insonlar soni 1 milliarddan ziyodroq yoki dunyo aholisining 15%ni tashkil etadi, ularning 80% esa rivojlanayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi.

Quyi o‘rtacha daromadli iqtisodga ega bo‘lgan O‘zbekistonda so‘nggi 10 yil davomida aholi orasida nogironligi bor deb topilgan shaxslar ulushi 2−3%ni tashkil etib kelmoqda.

Nima uchun nogironlikning xalqaro va milliy tarqalishida shunday katta tafovut mavjud? Qanday omillar O‘zbekistonda nogironlik ko‘rsatkichlarini hisoblashga ta’sir ko‘rsatadi va O‘zbekistonda nogironlik to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarni qay yo‘sinda yig‘ish maqsadga muvofiq?

Nogironlikni hisobga olishning deklarativ tamoyili

Davlatlar orasidagi nogironlik ko‘rsatkichlaridagi katta farqlar nogironlikning turlicha huquqiy ta’riflari, xalqaro darajadagi standartlar va metodlarga muvofiq kelishilgan ma’lumot to‘plash tizimining yo‘qligi, va mahalliy kontekstga xos qator omillar oqibatida vujudga keladi. «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida"gi Qonunda «nogiron inson jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor (sezgi) nuqsonlari borligi tufayli turmush faoliyati cheklanganligi munosabati bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nogiron deb topilgan hamda ijtimoiy yordamga va himoyaga muhtoj shaxs» deya ta’rif beriladi.

Agar siz tug‘ma yoki hayotingiz davomida orttirilgan nogironlik holatiga ega bo‘lsangiz, siz O‘zbekistonda avtomatik ravishda nogiron sifatida ro‘yxatdan o‘tmaysiz. Rasman nogironlik maqomiga ega bo‘lishingiz uchun tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari a’zolariga (TMEK) nogiron ekanligingizni tasdiqlash maqsadida juda murakkab byurokratik jarayonlardan o‘tib, hujjatlar to‘plashingiz zarur.

Sizning tanangiz faoliyatidagi cheklovlar darajasiga ko‘ra, TMEK vaqtincha yoki doimiy tarzda sizni uchta toifadan (I, II va III) nogironlik guruhlaridan biriga ro‘yxatga oladi. TMEKning ma’muriy ro‘yxatlari O‘zbekistonda nogironlikning tarqalishi bo‘yicha statistika manbai hisoblanadi. Ammo aholini ro‘yxatga olish jarayonida mamlakat miqyosidagi tadqiqotlar orqali nogironlar haqida ma’lumot to‘planmaydi.

Misol uchun, Buyuk Britaniyada, jamoat transportidan foydalanishda imtiyozga ega bo‘lish uchun yoki turli xil nogironlik nafaqalarini olish uchun siz terapevt qabulida nogiron ekanligingizni ro‘yxatdan o‘tkazishingiz mumkin. Nogironlik statistikasi esa o‘z navbatida nogironlik masalalari bo‘yicha davlat idorasi (Office for Disability Issues) tomonidan olib boriladi. Ushbu idora nogironlik bo‘yicha nafaqa to‘lovini oluvchilar soni to‘g‘risidagi ma’muriy ma’lumotlarga tayanibgina qolmay, balki asosan, ijtimoiy so‘rovlar va aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga asoslanadi.

Nogironlik bo‘yicha ma’lumotlarni xalqaro miqyosda to‘g‘ri taqqoslash va muvofiqlashtirish maqsadida, 2001 yilda BMTning Statistika Komissiyasida nogironlik statistikasi bo‘yicha Vashington guruhi tashkil etildi. Ushbu guruh aholini ro‘yxatga olish, milliy tadqiqotlar va boshqa statistik ma’lumotlarni yig‘ish jarayonida foydalanilishi mumkin bo‘lgan oltita standart savollarni ishlab chiqqan.

2007 yildan boshlab nogironligi bor shaxslarning O‘zbekiston aholisi tarkibidagi ulushi kamayib bormoqda. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda 31 million aholining kamida 1,89% yoki 586 mingdan ziyod fuqarolarda nogironlik holati qayd etilgan. 2016 yildan buyon rasmiy manbalarga ko‘ra nogironlik darajasi turli ko‘rsatkichlar orqali aks etmoqda. Shunday qilib, Gender statistikasi portali ma’lumotlariga ko‘ra, eng kam nogironligi bor insonlar soni 2016 yilning oxirida kuzatilgan va 588,9 mingni tashkil qilgan. O‘zbekiston statistika qo‘mitasining ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda nogironlarning soni bir million kishidan oshiq va aholining 3,24%ni tashkil qiladi. O‘zA axborot agentligining xabar berishicha, 2017 yil 1 yanvardan boshlab 650 ming 284 kishi nogironlar ro‘yxatiga kiritilgan va ularning 84908 nafarini 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil qiladi.

So‘nggi o‘n yillik davomida O‘zbekistondagi nogiron shaxslar sonining o‘zgaruvchan dinamikasi, shuningdek, rasmiy statistik ma’lumotlarning o‘zaro mos kelmasligi, bir qator mantiqiy savollarni tug‘dirmoqda. Nima sababdan ro‘yxatdan o‘tgan nogironligi bor shaxslar soni sakkiz yildan buyon muntazam ravishda kamayib kelmoqda?



O‘zbekistonning umumiy aholisi sonidagi nogironligi bor shaxslarning ulushi (%).

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi.

O‘tgan ikki yil mobaynida nogironlik holatini isbotlashga muvaffaq bo‘lgan shaxslar sonining keskin o‘sishini qanday tushunish kerak? Turli hukumat manbalari taqdim etgan ma’lumotlarda sezilarli farqni hisobga olgan holda «keskin o‘zgarish» haqida mulohaza qilish qanchalik to‘g‘ri?

Ijtimoiy nafaqalarni belgilash uchun nogironlik bo‘yicha ma’lumot to‘plash

O‘zbekistonda nogironlik holatini qayd etish, ro‘yxatdan o‘tkazishning asosiy sababi bu — nogironlik holati qayd etilgan shaxslar uchun to‘lanadigan nafaqa to‘lovi.

Bugungi kunda bolalikdan nogironlik holati tasdiqlangan shaxslar uchun 360 460 so‘m (40 AQSH dollari) oylik nafaqa belgilangan. Hayoti davomida nogironlik holati qayd etilgan shaxslar uchun mehnat stajining mavjudligi va qancha muddatni tashkil etishiga ko‘ra nogironlik nafaqasi asosiy nafaqa to‘loviga qo‘shimcha sifatida qayta hisoblanadi.

Boshqa tomondan olib qaraganda, TMEK nogironlikni qayd etishi uchun asosiy mezon — bu insonning mehnat qilish qobiliyatining yo‘qligi yoki yo‘qolgani sababli ushbu nafaqaga loyiq yoki loyiq emasligi. Boshqacha qilib aytganda, O‘zbekistonda nogironligi qayd etilgan shaxslarning statistik hisobi faqatgina TMEK va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi kabi vakolatli davlat organlari tomonidan belgilanadigan nafaqa va ijtimoiy to‘lovlarni ma’muriy boshqarish uchun yuritiladi.


Nogironligi rasmiylashtirilgan shaxslar soni, kategoriyalar bo‘yicha (ming kishi).

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi

2007−2017 yillarda ijtimoiy nafaqa oladigan nogironlarning soni o‘rtacha 227 ming kishini tashkil qildi. 2011 yil 1 yanvardan boshlab uchinchi guruh nogironlariga nafaqa to‘lovlarini bekor qilish to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi, bu esa statistikada sezilarli darajada aks etmadi. 2012 yilda eng kam ko‘rsatkich qayd etildi va 206,5 ming kishiga nafaqa to‘lovlari belgilandi. Uchinchi guruh nogironlari uchun nafaqalarning bekor qilinishi va ijtimoiy nafaqa olayotgan kishilar sonining asta-sekin kamayishining sababi balki rivojlanayotgan O‘zbekiston byudjetiga ijtimoiy imtiyozlarning «og‘irlik» qilayotganida bo‘lishi ham mumkin.

Davlat byudjetini iqtisod qilish chora-tadbirlari ishlab chiqilganda, hukumat nafaqa to‘lovlarini faqatgina TMEKning qat’iy mezonlariga mos keladigan kishilar uchun belgilagan bo‘lishi mumkin. Natijada O‘zbekistondagi ijtimoiy muhofaza faqat tana funksiyalarning jiddiy buzilishlari tufayli zaif qatlamni tashkil qiluvchi insonlar bilan chegaralanib qolmoqda.

Bundan tashqari, nogiron deb e’tirof etilgan barcha nogironlarning soni aks etgan ma’lumotlarda ushbu yil davomida ilk bor nogironligi qayd etilgan shaxslarning soni ko‘rsatib o‘tilmagani qiziq fakt. Misol uchun, 2016 yilda ilk bora nogironligi qayd etilgan shaxslar soni 20,7 ming kishini tashkil etdi. Shu bilan bir vaqtda, nogironligi aniqlangan shaxslarning umumiy soni bir yil ichida 2015 yilga nisbatan 436,1 ming kishiga ko‘paydi.

Ushbu ma’lumotlarga asoslanib, faqat qachonlardir nogironligi qayd etilgan va keyinchalik nogironlik holati bekor qilingan insonlar, 2016 yilda uchinchi guruh maqomini qayta tiklagan bo‘lishlari mumkinligini taxmin qilishimiz mumkin. Ushbu nogironlik guruhiga kiruvchi insonlarga ijtimoiy nafaqalar to‘lanmaydi. Ehtimol, O‘zbekistonda nogiron shaxslar sonining keskin oshishi Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy himoya qilish sohasidagi islohotlari bilan bog‘liqdir. Jumladan 2017 yilning 1 dekabrida «Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni qabul qilindi.

Nogironlik tarqalishidagi gender ziddiyatlar

2007 yildan 2015 yilgacha O‘zbekistonda ayollar orasida nogironlar soni kamaydi, vaholanki, ayollar orasida nogironlar sonining oshish ehtimoli erkaklarnikiga qaraganda ancha yuqori. Nogironlik bo‘yicha Umumjahon nogironlik hisobotiga ko‘ra, nogironlik ko‘proq ayollar va qariyalar orasida ko‘proq tarqalgan. Xotin-qizlar uzoq umr ko‘radi va ular nogironlik holatiga ko‘proq moyil bo‘lgan qariyalarning katta qismini tashkil etadi.

2016 yilda O‘zbekistonda kutilayotgan umr uzunligi erkaklarda 71,4 yoshni, ayollarda esa 76,2 yoshni tashkil etdi. Bundan tashqari, agar aholining yoshi va jinsiga qarab hisoblaydigan bo‘lsak, 60 yosh va undan yuqori yoshdagi ayollar umumiy aholi sonining deyarli 4%ni tashkil qiladi, ayni paytda erkaklar bu yoshda aholining 3,24%ni tashkil qilishadi.



Nogironligini rasmiylashtirilgan shaxslar soni, jinslar bo‘yicha (ming kishi).

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi.

O‘zbekistonda nogironligi bor ayollar soni 2007 yilda 408,9 ming kishidan 2015 yilda 246,2 ming kishigacha kamaydi, kuzatilgan davrda nogironligi bor shaxslarning umumiy soni qariyb 400 ming kishiga ortdi.

Nogironligi bor ayollar odatda jinslariga ko‘ra va nogiron ekanliklari tufayli ikki karra diskriminatsiyaga duchor bo‘lishlari sababli o‘ta zaif toifaga kiradilar. Yosh qizda nogironlik holati mavjudligi, jamiyatdagi nogironlik haqidagi salbiy stereotiplar tufayli, uning shaxsiy kelajagiga va hatto oilasining boshqa a’zolarining kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli ko‘p holatlarda ota-onalar o‘z farzandlarining, ayniqsa, qizlarning nogironlik holatini yashirishadi va TMEKga nogironlar guruhini ro‘yxatga olish uchun o‘z vaqtida murojaat qilishmaydi.

Nogironlik tibbiylashtirishning statistikaga ta’siri

2016 yilda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Mehnat va aholini ish bilan ta’minlash vazirligiga aylantirildi. Nogironligi bor shaxslarga, shu jumladan ularga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga topshirildi. Bundan tashqari, 2010 yildan boshlab Mehnat vazirligining vazifalaridan bir qismi bo‘lgan nogironlik va nogironligi bo‘lgan shaxslarga moddiy yordam ko‘rsatish hamda nogironlikni aniqlash masalalari Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazildi. O‘z navbatida, bu qaror mamlakatda nogironligi bor shaxslar sonining to‘g‘ri hisoblanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, chunki Sog‘liqni saqlash vazirligi nogironlikni «tibbiylashtirish"da davom etadi va Pensiya jamg‘armasi va TMEK nogironlik nafaqalariga layoqatli bo‘lganlar sonini cheklashga intiladi.

O‘zbekistonda nogironlikni «tibbiylashtirish» jarayoni kechayotganining tasdig‘i sifatida, O‘zbekistonda 2016 yilda ilk bora nogiron deb tan olingan ayollar va erkaklar o‘rtasidagi nogironlik sabablari haqida berilgan ma’lumotni keltirishimiz mumkin. Qon aylanish tizimi kasalliklari erkaklar orasida nogironlikning asosiy sababidir, ayollar uchun bu xatarli bezgakdir. Yurak-qon tomir va onkologik kasalliklar davolanishi mumkin, nogironlarni reabilitatsiya qilish va ularni sog‘lom inson toifasiga o‘tkazish mumkin. Natijada nogironlik darajasi 2−3 foizni tashkil etishi nafaqat ijobiy natija, balki samarali sog‘liqni saqlash va to‘g‘ri tibbiy reabilitatsiya siyosati deb namoyish etilishi mumkin. Aslida esa bularning barchasi biz o‘ylagandek oddiy emas.

Nogironlik nafaqat tibbiy, balki birinchi navbatda ijtimoiy muammo deb hisoblanadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida «nogironlik — tana funksiyalari buzilgan insonlar hamda munosabat va infratuzilma bilan bog‘liq to‘siqlar orasidagi o‘zaro aloqa natijasida vujudga keladigan holat» deb ta’kidlanadi.

Biz bor e’tiborimizni faqat inson tanasining nuqsonlariga va ushbu nuqsonlarni davolashga qaratishimiz kerak emas. Axir, ko‘rish, eshitish yoki yurish qobiliyatini boshqa tiklay olmaydigan odamlar ham bor. Bizning diqqatimiz va sa’y-harakatlarimiz nogironlik holatini o‘z vaqtida aniqlash va nogironligi bor shaxslarning jamiyatda faol bo‘lishlarida qarshilik qilayotgan to‘siqlar bilan kurashishga qaratilishi lozim.

Nogironlik holatini qayd eta olmagan insonlar qanday qilib ushbu ro‘yxatga kirishlari mumkin?

O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yil mobaynida nogironlik ko‘rsatkichlarini tahlil qilish davomida nogironlik bo‘yicha rasmiy statistika hisob-kitobi qanchalar ishonarli va aholini yetarli darajada qamrab olayaptimi yoki yo‘q, degan savolga to‘qnash kelamiz. Afsuski, ushbu savollar ochiqligicha qolmoqda. So‘nggi ikki yilda nogiron shaxslar sonidagi «keskin o‘sish» rasman nogironligi qayd etilmagan shaxslar milliy statistika hisobotidan «tushib» qolayotganligi hamda ijtimoiy himoya uchun mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslar va idoralar ular haqida to‘liq xabar topa olmayotganidan yoki xabar topishni istamayotganidan darak beradi.

Birinchidan, nogironlikni ro‘yxatga olishning eng asosiy tamoyili nogiron shaxsning arizasi orqali rasmiylashtirilishi va byurokratik jarayonlarning murakkabligi O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan barcha shaxslarni ro‘yxatga olish uchun qiyinchiliklar tug‘diradi va natijada ko‘pchilik hisobotdan «tushib» qoladi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun nogironlikni shaxsning arizasi orqali emas, balki aholini keng miqyosda ro‘yxatga olish jarayonida amalga oshiriladigan so‘rovlarga maxsus savollar kiritilishi orqali nogiron shaxslar ro‘yxati tuzilishini yo‘lga qo‘yish lozim. So‘nggi marta aholini ro‘yxatga olish deyarli 30 yil oldin amalga oshirilgan va 2017 yil oxirida O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi raisi aholini ro‘yxatga olish jarayoni 2020 yilda boshlanishi mumkinligini aytgan edi. O‘tkazilishi nazarda tutilayotgan aholini ro‘yxatga olish jarayonida nogironlik statistikasi bo‘yicha Vashington guruhi tomonidan tavsiya etilgan nogironlik mavzusiga oid savollari ham so‘rovnomaga kiritilishi juda muhim.

Ikkinchidan, agar ma’lumotlar faqat sog‘liqni saqlash imkoniyatlari cheklangan kishilar uchun nafaqa to‘lashni amalga oshirish uchun to‘plangan bo‘lsa, nogironlikning tarqalish darajasini sezilarli darajada kamligini hisobga olish ehtimoli yuqori. Nogironlik holatini tekshirish murakkab jarayoniga bog‘liq bo‘lgan «bosh og‘rig‘i», pensiya va ijtimoiy nafaqalarning oz miqdorda ekanligi nogiron kishining rasmiy maqomini olish uchun harakatlarini sustlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Bundan tashqari, nogironlik muammosi bilan bog‘liq madaniy stereotiplar mavjudligi TMEKga borib o‘zlari yoki farzandlari uchun nogiron «tamg‘asini» olishdan oldin bir fikrlab ko‘rishga undaydi.

Mahalliy hokimiyat organlari nogironlarni qo‘llab-quvvatlash uchun samarali ijtimoiy siyosatni ishlab chiqishi va amalga oshirishi uchun tegishli nogironlik statistikasini to‘plash muhimdir. Nogironlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini aniqlash va ularning kundalik hayotida duch keladigan to‘siqlarni bartaraf etish uchun statistika ma’lumotlari to‘planishi kerak. Shuning uchun nogironlikni rasmiylashtirish va davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy nafaqalarni olish nogironlar uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirmasligi kerak.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, keyinchalik nogironlikni «tibbiylashtirish"ning oldini olish va nogironlik holati kasallikka tenglashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilish zarur. Ushbu Konvensiya nogironlik ijtimoiy muammo ekanligini nazarda tutadi va Konvensiyani qabul qilgan davlatlardan statistik va tadqiqot ma’lumotlarini to‘plashni talab qiladi. Afsuski, Konvensiya O‘zbekiston tomonidan 2009 yilda imzolanganligiga qaramasdan, haligacha ratifikatsiya qilinmagan.

Maqolada bildirilgan fikrlar tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmasligi mumkin.