6 fevral kuni Chelyabinsk viloyati (Rossiya) gubernatori Boris Dubrovskiy va hududning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Margarita Pavlova O‘zbekiston fuqarosi Olamafruz Abdullayevga tantanali ravishda «Yaxshilik qilishga shoshiling» («Speshite delat dobro») medalini topshirdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

2018 yil 31 dekabr kuni Olamafruz Abdullayev Magnitogorskdagi ko‘p qavatli uylardan birida sodir bo‘lgan portlashdan so‘ng qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar vayronalar ostidan sakkiz kishini qutqardi.

Medal «Rossiya Federatsiyasining Konstitutsiyasi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va Inson huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa Konvensiyasi bilan mustahkamlab qo‘yilgan inson va fuqaro huquq va erkinliklarini himoya qilish ishiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun» topshirildi.

Yaqinda surxondaryolik yigitga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri nomidan qimmatbaho sovg‘a va O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi Bosh konsulligi faxriy yorlig‘i topshirildi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» kompaniyasi unga Yekaterinburg-Toshkent reysiga bepul chipta taqdim etdi. Olamafruz Abdullayev 7 fevral kuni uchib keladi.

31 dekabr kuni erta tongda Magnitogorskdagi uyda portlash sodir bo‘lgan edi. Hodisa oqibatida uyning kirish yo‘lagi qisman qulab tushdi va 39 kishi halok bo‘ldi. Hodisaga, Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, maishiy gaz portlashi sabab bo‘lgan.