Humo milliy chakana to‘lov tizimi Toshkentda Visa va Mastercard kartalarini qabul qiluvchi 1000 dan ortiq bankomat va 100 mingdan ziyod to‘lov teminallari o‘rnatishni, keyinchalik butun respublikani bosqichma-bosqich qamrab olishni rejalashtirmoqda, deya xabar qildi O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmurodov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub majlisida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda «To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Ushbu qonun PayPal kabi elektron to‘lov tizimlarini O‘zbekistonda litsenziya asosida ishlashiga imkon beradi.

«Biz to‘lov tizimlari to‘g‘risidagi yangi qonunni ishlab chiqmoqdamiz. PayPal kabi tizimlar O‘zbekistonda litsenziya asosida ishlaydi. Humo tizimi ish boshlashi bilan Visa, Mastercard, China UnionPay va boshqa xalqaro to‘lov tizimlari biz bilan ishlashni boshlaydi. [Sayyohlarga] O‘zbekistonga kelishdan avval so‘mga konvertatsiya qilish haqida o‘ylashlariga hojat qolmaydi, buning uchun biz sharoitlar yaratamiz», — dedi Mamarizo Nurmurodov.

MB rahbari shu maqsadda butun O‘zbekistonga xalqaro to‘lov tizimlari kartalarini qabul qiluvchi 1000 dan ortiq bankomatlar olib kelinishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tijorat banklari 400 ta shunday bankomatni olib kelib bo‘ldi.

«Barcha terminallar so‘mdagi Humo kartochkalarini va xalqaro plastik kartalarni qabul qiladi. 1 martdan 1 aprelga qadar Toshkentda shu uch turdagi 100 mingdan ortiq terminallarni joriy etishni yakunlaymiz», — dedi u.

«Hozir bizda hamma joyda bir xil terminallar. Endilikda yirik savdo nuqtalari, supermarketlarda smart PIN-padlar o‘rnatiladi — bu birinchi ko‘rinishi. Ikkinchi ko‘rinishi — mobil terminallar (POS-terminal). Uchinchi ko‘rinishi — statsionar terminallar. Barcha qurilmalar aloqasiz to‘lovlarni qo‘llab-quvvatlaydi», — dedi Markaziy bank raisi.

Mamarizo Nurmurodov aloqasiz to‘lovlarni joriy etish bo‘yicha ham ishlar boshlanganini ma’lum qildi. Bunda xaridlar uchun kartani terminalga kiritish va PIN-kod kiritishga hojat qolmaydi.

«Metropolitenni shu kabi kartochkalarni qabul qiluvchi shu kabi terminallar bilan to‘liq ta’minlaymiz», — deya qo‘shimcha qildi Markaziy bank rahbari.