Toshkent IIBB YHXB avtomobil oynasida axlat tashlagan taksi haydovchisini jarimaga tortdi, deya xabar qildi boshqarma matbuot xizmati. Qoidabuzarlik o‘tkinchi tomonidan tasvirga olingan va «Exo Uzbekistana» Telegram-kanalida e’lon qilingan edi.

Haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 123-moddasi (transport vositalaridan axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish) bo‘yicha bayonnoma tuzildi. Moddada mazkur qoidabuzarlik eng kam ish haqining beshdan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Jarima miqdori sud tomonidan belgilanadi, deya aniqlik kiritdi IIBB matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Eslatib o‘tamiz, yanvardan avtomobildan axlat tashlab yuborganlik uchun jarima miqdori ikki barobarga oshirildi. Ungacha jarima miqdori eng kam ish haqining o‘ndan bir qismidan yarmigachani tashkil etar edi.